22:08 / 22.09.2021
12042

«Nasaf» Hindiston klubini tor-mor etib, OFK kubogi mintaqalararo finalchisiga aylandi

OFK kubogi mintaqalararo yarimfinali doirasida Qarshining «Nasaf» klubi o‘z maydonida Hindistonning «Mohun Bagan» jamoasini qabul qilib, turnirning mintaqalararo finaliga yo‘llanma oldi.

O‘zbekistonda ommaviy tadbirlarga tomoshabinlarning kirishiga ruxsat etilganiga qaramay, OFK Qarshidagi uchrashuvda muxlislarning stadionga cheklangan miqdorda kirishiga rozilik berdi. Shu bois o‘yinga 6 ming dona chipta chiqarildi va «Markaziy» o‘yingohdagi belgilangan tribunalar uchrashuvdan bir soat oldin muxlislar bilan liq to‘ldi.

Uchrashuvni hujumkor boshlagan Ro‘ziqul Berdiyev shogirdlari kutilganidek tezkor gol urib, hisobni ochishdi. Suhrob Nurulloyevning uzatmasini hindlar o‘z darvozalariga kiritib qo‘yishdi – 1:0.

17, 20 va 30-daqiqalarda esa qarshiliklar hujumchisi Husayn Norchayev het-trikini rasmiylashtirib, o‘yindagi hisobni yirik ko‘rinishga keltirdi – 4:0. Bu esa Norchayevni musobaqaning eng yaxshi to‘purariga aylantirdi.

Bo‘lim yakuniga yaqin Oybek Bozorov penaltidan foydalana olmagan bo‘lsa-da, 45+1-daqiqada o‘yindan gol kiritib, xatosini tuzatdi – 5:0.

Yirik hisobli natijadan keyin mezbonlar ikkinchi bo‘limni xotirjam o‘tkazishdi. Shunga qaramay, zaxiradan maydonga tushgan Doniyor Narzullayev ikkinchi bo‘limdagi yagona, o‘yindagi 6-golni kiritib, uchrashuvga nuqta qo‘ydi – 6:0.

Ushbu g‘alaba bilan «Nasaf» OFK kubogining hududiy finaliga yo‘llanma oldi. Hal qiluvchi final bosqichi yo‘llanmasi uchun kurashda «Nasaf» Honkongning «Li Man» jamoasiga qarshi to‘p suradi. Bir o‘yindan iborat bahs 20 oktabr kuni Qarshida o‘tkaziladi.   
 
22 sentabr (chorshanba)
OFK kubogi. Mintaqalararo yarimfinal.
«Nasaf» – «Mohun Bagan» (Hindiston) - 6:0
Qarshi, 6 000 tomoshabin.

Bosh hakam: Hanna Hattab (Suriya).
Gollar: Suhrob Nurulloyev 4, Husayn Norchayev 17, 20, 30, Oybek Bozorov 45+1, Doniyor Narzullayev 72.
«Nasaf»: 1.Umidjon Ergashev, 4. Husniddin Aliqulov, 8. Dilshod Saitov, 10. Bahrom Abdurahimov ( 50.Shoxmalik Komilov, 60), 19. Husayn Norchayev (99.Andriya Kaluderovich, 46), 20. Suhrob Nurulloyev (7.Doniyor Narzullayev, 60), 22. Akmal Mozgovoy, 34. Sherzod Nasrullayev, 77.Oybek Bozorov (28.Sardor Sa'dullayev, 75), 88.Marko Stanoyevich, 92.Umarbek Eshmurodov (5.G‘olib G‘aybullayev, 76). 
«Mohun Bagan»: 1. Amrinder Singx, 6. Ashutosh Mehta, 7. Jon Kauko, 8. Karl Mjug, 9.David Villiams, 11. Manvir Singx (23. Raj Mikealadmai, 68), 15. Subhisesh Bose, 18. Seh Sohil (27.Liston Kolako, 46), 20.Pritam Kotal, 21.Roy Krishna, 42. Lenni Rodrigez.

Top