15:36 / 22.09.2021
3776

O‘tgan besh yil davomida Xorazmni rivojlantirishga 9 trillion so‘m yo‘naltirildi – Prezident

Viloyatda “Temir daftar”ga kiritilgan 17 mingta oila daromad manbai bilan ta'minlanib, kambag‘allikdan chiqarilgan va o‘rtacha ish haqi qariyb 3 barobarga oshib, 2,5 million so‘mga yetgan. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev ma'lum qildi.

“Oxirgi besh yilda Xorazm viloyatida amalga oshirilgan o‘zgarishlarga qisqacha to‘xtalib o‘tmoqchiman. O‘tgan davrda viloyatda 141 mingta yangi doimiy ish o‘rinlari yaratildi. “Temir daftar”ga kiritilgan 17 mingta oila daromad manbai bilan ta'minlanib, kambag‘allikdan chiqarildi. O‘rtacha ish haqi qariyb 3 barobarga oshib, 2,5 million so‘mga yetdi.

O‘tgan besh yilda sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi sohasida umumiy qiymati 2 milliard dollar bo‘lgan, 7 mingdan ziyod investitsiya loyihalari amalga oshirilib, yangi quvvatlar ishga tushirildi. Jumladan, Xivada yirik gilam ishlab chiqarish fabrikasi, Bog‘ot, Yangiariq va Urganch shahrida trikotaj, Yangiariqda meva-sabzavotni qayta ishlash korxonalari o‘z faoliyatini boshlab, minglab yangi ish o‘rinlari tashkil etildi. Tuproqqal'ada elektr dvigatel va avtomobil kuzovi panellari ishlab chiqarish bo‘yicha yirik sanoat quvvatlari ishga tushirildi.

Hududga jalb qilingan investitsiyalar 2,5 barobarga o‘sdi. To‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy sarmoya hajmi 7 barobarga oshib, yiliga 150 million dollarga yetdi. Sanoat mahsuloti hajmi 1,7 barobarga ko‘paydi, 64 turdagi yangi mahsulot ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Ayniqsa, yetakchi sohalar bo‘lgan to‘qimachilik, avtomobilsozlik, oziq-ovqat, qurilish materiallari, elektrotexnika sanoatida mahsulot ishlab chiqarish o‘rtacha 2 barobarga o‘sdi.

Eksport hajmi oldingi 5 yilga nisbatan 2 barobarga oshib, 720 million dollarni tashkil etdi. Ko‘p yillar davomida muammo bo‘lib kelgan Toshsoqa irrigatsiya tizimi 146 million dollar hisobiga rekonstruksiya qilindi. Natijada, 191 ming gektar qishloq xo‘jaligi yerlariga suv yetib bordi.

Paxta tolasini qayta ishlash darajasi 2 barobarga, meva-sabzavot va pilla bo‘yicha 3 barobarga oshdi. Viloyatda 100 million dollardan ziyod mablag‘ yo‘naltirilib, 370 gektar zamonaviy issiqxonalar barpo etildi. 

Turizm sohasida 80 ta yangi mehmonxona qurildi, jami mehmon o‘rinlari 2 barobarga oshdi. Xiva shahriga temir yo‘l yetib bordi va yangi vokzal ishga tushirildi.

Kichik biznes sub'yektlari 2 barobarga ko‘payib, ularning soni 22 mingdan ortdi. Maktabgacha ta'lim qamrovi 21 foizdan 65 foizga yetkazildi, qo‘shimcha 71 ming nafar bolalar bog‘chaga qamrab olindi.

Viloyatda 3 ta yangi oliygoh tashkil etildi. 6 ta yangi maktab qurildi va 205 ta maktab rekonstruksiya qilindi. Aholining yashash sharoitlarini yaxshilash maqsadida, 12 ming xonadonli uy-joylar barpo etildi, bu ko‘rsatkich o‘tgan besh yilga nisbatan 3 barobarga ko‘p.

Yuqori kuchlanishli yangi elektr tarmoqlari qurilib, elektr ta'minoti sezilarli darajada yaxshilandi. Markazlashgan ichimlik suvi ta'minoti darajasi 52 foizdan 80 foizga yetdi, 503 ming aholi toza suv bilan ta'minlandi.

“Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida 89 ta qishloq va mahalla hamda barcha tuman markazlarini obod qilish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.

Umuman, o‘tgan besh yil davomida Xorazmni iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirishga jami 9 trillion so‘m yo‘naltirildi. Davlat budjetidan 2,4 trillion so‘m, xalqaro moliya tashkilotlaridan 226 million dollar, shuningdek, 4 trillion so‘m bank kreditlari ajratildi”, – dedi Shavkat Mirziyoyev Xivadagi tadbir chog‘ida.

Top