10:00 / 22.09.2021
2695

“O‘zbekinvest” kompaniyasining moliyaviy barqarorlik reytingi “uzA++” darajasida tasdiqlandi

“O‘zbekinvest” sug‘urta kompaniyasi “Ahbor-Reyting” agentligi tomonidan moliyaviy barqarorlikning milliy shkalasi bo‘yicha eng yuqori reytingga ega bo‘ldi.

“Ahbor-Reyting” reyting agentligi “O‘zbekinvest” eksport-import sug‘urta kompaniyasiga moliyaviy barqarorlikning milliy shkalasi bo‘yicha “Barqaror” prognozi bilan “uzA++” darajasidagi reytingni taqdim etdi.

Taqdim etilgan daraja milliy reyting shkalasi bo‘yicha sug‘urta kompaniya to‘lov qobiliyatining eng yuqori bahosi hisoblanadi. Bu daraja o‘z majburiyatlarini va sug‘urta polislari egalari talablarini o‘z vaqtida va to‘liq bajarishga nihoyatda yuqori imkoniyatlarga ega bo‘lgan kompaniyalarga taqdim etiladi.

Reyting agentligi reyting darajasiga ta'sir qiluvchi bir qator ijobiy omillarni ko‘rsatib o‘tdi:

  • keng hududiy qamrov va sug‘urta xizmatlarining xilma-xilligi;
  • biznesni kengaytirish ko‘rsatkichlarining ijobiy trendi;
  • bozor ulushining yuqoriligi va sug‘urta bozoridagi yetakchi o‘rinlardan birini egallashi;
  • viloyatlar bo‘yicha sug‘urta tushumlarining ijobiy diversifikatsiyasi;
  • sug‘urta kompaniyasining yuqori darajadagi faolligi va sug‘urta xizmatlari bozorining asosiy segmentlarini tezkorlik bilan egallashi;
  • zamonaviy axborot texnologiyalari va moliyaviy vositalarini faol tatbiq etish;
  • yuqori darajadagi to‘lov qobiliyati va daromad ko‘rsatkichlarining mustahkamlanishi;
  • tajribali boshqaruvchilar guruhi.

Agentlik shuni ta'kidlab o‘tdiki, 2020 yil davomida “O‘zbekinvest”ning biznes ko‘lami va sug‘urta faoliyati ko‘rsatkichlari barqaror darajada o‘sib bordi.  Kompaniyaning amaldagi shartnomalari soni 2019 yil natijalariga nisbatan 123 foizga oshdi va 792,9 ming donani tashkil etdi. Shundan 705,3 mingtasi jismoniy shaxslar bilan tuzilgan.

“O‘zbekinvest”ning yig‘ilgan umumiy sug‘urta mukofotlari hajmi 262,9 milliard so‘mni tashkil etdi. Bu jami yig‘ilgan bozor mukofotlarining 14,0 foizini tashkil etdi. Kompaniyaning sug‘urta to‘lovlari hajmi 69,9 milliard so‘mni tashkil etdi, bu esa 2019 yilga nisbatan 44,8 milliard so‘mga ko‘pdir, buning natijasida sug‘urta sektorining jami to‘lovlari bo‘yicha kompaniyaning ulushi 15,9 foizni tashkil etdi.

Sug‘urta faoliyati hajmlarining o‘sishi bilan birgalikda kompaniyaning sug‘urta zahiralari 123,2 foizga o‘sdi. Hisobot davrida moliyaviy faoliyatdan olingan daromad 150,2 foizga oshdi.

Qayta sug‘urtalash operatsiyalari siyosati qayta sug‘urtalash tashkilotlari va kompaniya o‘rtasida amalda bo‘lgan o‘zaro hamkorlik kelishuvlarini mustahkamlash va yangilarini tuzish yo‘li bilan amalga oshiriladi. Moliyaviy tuzilmalar bilan o‘zaro manfaatli ishbilarmonlik aloqalari kompaniyaga o‘z tavakkalchiliklarini taniqli qayta sug‘urta kompaniyalarida qayta sug‘urtalash imkoniyatini beradi hamda biznes yuritishning yuqori standartlariga yaqinlashishga yordam beradi.

Bu yo‘nalishda kompaniya yetakchi sug‘urta va qayta sug‘urta kompaniyalari va sug‘urta brokerlari bilan hamkorlik qiladi:

  • Allianz SE (Germaniya);
  • Zurich Insurance Group (Shveytsariya);
  • Tokio Marine & Nichido Fire Insurance Co. Ltd. (Yaponiya);
  • AXA (Fransiya);
  • People Insurance Company of China (Xitoy);
  • Korean Reinsurance Company (Koreya);
  • “Sogaz” (Rossiya) va boshqalar.

 “O‘zbekinvest” boshqaruv tizimi kompaniyaning moliyaviy-xo‘jalik faoliyatining barcha asosiy jihatlarini, shu jumladan, sug‘urta operatsiyalarining hisobi siyosati, moliyaviy resurslardan maqsadli va samarali foydalanish, qabul qilingan sug‘urta majburiyatlari bo‘yicha to‘lov qobiliyatining me'yoriy ko‘rsatkichlariga muvofiqligini, xavflarni samarali boshqarish, da'volarni ko‘rib chiqish va qayta sug‘urta faoliyatini o‘z ichiga oladi.

Mustaqil auditorlar xulosasiga ko‘ra, “O‘zbekinvest” boshqaruv tizimining sifati ijobiy deb baholanadi.

Shuni ham ta'kidlash joizki, joriy yilning fevral oyida “A. M. Best Company” (AQSh) xalqaro reyting agentligi “O‘zbekinvest” eksport-import sug‘urta kompaniyasi aksiyadorlik jamiyatiga “VV” darajasida “Barqaror” prognozi bilan kredit reytingi berilganligini rasman e'lon qildi.

Shunday qilib, kompaniya O‘zbekiston moliya sektorining barcha ishtirokchilari orasida xalqaro reyting agentliklari tomonidan berilgan eng yuqori reyting darajasiga ega bo‘ldi.

«O‘zbekinvest» EISK AJ Matbuot xizmati Ⓣ

Top