16:10 / 22.09.2021
34444

Paxtachi tumani IIB boshlig‘i o‘zgardi. Avvalgi boshliq jarima maydoniga joylashtirilgan «Damas» voqeasidan keyin mashhur bo‘lgandi

Samarqand viloyati Paxtachi tumani IIBga yangi boshliq tayinlandi. Avvalgi boshliq vazifasidan ozod etilib, boshqarma ixtiyoriga olingan.

Bugun, 22 sentyabr kuni Samarqand viloyati IIB boshlig‘i Paxtachi tumani hokimligida tumandagi jinoyat va huquqbuzarliklarning ahvoli, shaxsiy tarkib o‘rtasidagi xizmat intizomi hamda qonunchilikka rioya qilish masalalariga bag‘ishlangan uchrashuv o‘tkazgan.

Uchrashuv avvalida viloyat IIB boshlig‘i ichki ishlar vazirining tegishli buyrug‘i bilan tuman IIB rahbarligiga mayor Muxtor Ahmedov tayinlanganini e'lon qilib, uni shaxsiy tarkibga tanishtirgan.

Qayd etilishicha, Paxtachi tumani IIBning sobiq boshlig‘i 20 sentabr kuni lavozimidan ozod qilinib, boshqarma ixtiyoriga olingan. Ayni vaqtda uning keyingi ish faoliyati haqida ma'lumot yo‘q.

Muqaddam Samarqand viloyati Ishtixon tumani IIB boshlig‘i lavozimida ishlagan mayor Sirojiddin Sa'dullayevich Ortiqov 2020 yilning mayidan buyon Paxtachi tumani IIB boshlig‘i lavozimida ishlayotgandi.

  • Eslatib o‘tamiz, shu yilning mayida Paxtachi tumanida «Damas» mashinasi yo‘lini to‘sib qo‘ygan mashinaga signal chalgach, bu mashinadan tushib kelgan tuman IIB boshlig‘i S.Ortiqov tuman IIB YHXB boshlig‘i M.Tog‘ayevga «Damas»ni jarima maydonchasiga joylashtirishni buyurgani aks etgan video tarqalgandi. Keyinroq Tog‘ayevga hayfsan berilgan, Ortiqovning xatti-harakatlari esa Intizomiy kengashda ko‘rib chiqilishi belgilangandi.
Mavzuga oid
Top