15:23 / 22.09.2021
7208
Shavkat Mirziyoyev: Hech kim chetdan kelib Xorazmning, O‘zbekistonning muammosini hal qilib bermaydi

O‘zLiDep partiyasidan prezidentlikka nomzod va amaldagi prezident Shavkat Mirziyoyev Xorazm viloyatiga tashrif buyurdi. Nomzod o‘z saylovoldi dasturi bilan Xiva tumanida yangi barpo qilingan “Farovon” mehmonxonasida ma'ruza qildi. 

“Oddiygina misol, biz hozir qayerda o‘tiribmiz? Mana shunday koshonalarni Xiva kabi shaharlarda ham qilsak bo‘lar ekan-ku. Mana turizm misolidagi islohotlar. Nima uchun odamlarimiz Yevropaga, Turkiyaga intiladi? Chunki ularda sharoit bor. Biz ham ulardan kam emasmiz, albatta qilamiz. Yirik-yirik davlatlar rahbarlari menga Xivaga kelish istagi borligini aytadi. Men esa amaldagi sharoitimizni o‘ylayman. Hali shunday kunlar keladi, bunday koshonalarning o‘ntasi ham yetmaydi.

Men xonadonlarga kirib gaplashdim, xursand bo‘ldim. Baribir haqiqat sinmaydi. Mening so‘nggi besh yildagi xizmatlarimga munosib baho bermoqchi bo‘lsa, har kim o‘zidan xulosa qilishi kerak.

Oddiy misol – biz tibbiyotda vaqtida islohot qilmaganimizda pandemiyani bartaraf qila olmasdik. Mana, yaqinda 26 mln doza vaksina keltirildi.

Hammamiz o‘zgaryapmiz, men ham o‘zgarganman. Lekin qoniqish hosil qilmaymiz. Bu ham tabiiy. Meni prezidentlikka nomzod qilib ko‘rsatish juda katta sharaf va mas'uliyat yuklaydi.

Hozir hammamizni Afg‘oniston masalasi o‘ylantirishi kerak. Har kuni ertalab turganimda chegaradagi vaziyatni surishtiraman. Yaxshiki qo‘shnilarimiz bilan do‘stona munosabatlarimizni tikladik. Chunki biz tarixan buyuk elmiz.

Bugun yangi barpo qilinayotgan Jaloliddin Manguberdi haykali qurilishi bilan tanishdim. Xorazmga kelgan har bir turist bu yerga tashrif buyurishi, bizning tariximizni chuqur o‘rganishi zarur. 

Men nimaiki qilgan bo‘lsak xalqim uchun qildim. Dastlabki qadamlarni qo‘ydik. Endi biz yutuqlarimizni yanada yuksaltirishimiz kerak. Buning uchun hammamiz bir-birimizni tushunib, ertangi kunimizga mustahkam zamin yaratishimiz lozim.

Men bitta gapni aytaman – hech kim chetdan kelib Xorazmning, O‘zbekistonning muammosini hal qilib bermaydi. Biz hammasini o‘zimiz qilishimiz kerak”, deya Shavkat Mirziyoyevning so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Top