11:39 / 22.09.2021
5599
Surxondaryoda maktab hududida o‘sib turgan 53 tup terak xo‘jalik ishlari mudiri tomonidan noqonuniy kesildi

Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumanida maktab hududida o‘sib turgan 53 tup terakni xo‘jalik ishlari mudiri noqonuniy kesgan. Bu haqda Surxondaryo viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, Surxondaryo viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi va Qumqo‘rg‘on tuman inspeksiyasi inspektorlari tomonidan nazorat reyd tadbirlari o‘tkazilgan. Reyd davomida Qumqo‘rg‘on tumani Navbahor mahallasida joylashgan 44-maktab hududida xo‘jalik ishlari mudiri A.N. tomonidan 53 tup terak daraxtlari hech qanday ruxsatnomasiz noqonuniy ravishda kesib tashlagani aniqlangan.

Qayd etilishicha, aniqlangan holat yuzasidan fuqaro A.N.ga nisbatan ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 79-moddasi 1-qismi bilan bazaviy hisoblash miqdorining o‘n barobari – 2,7 million so‘m jarima solingan. Shuningdek, o‘simlik dunyosiga 34 million 830 ming so‘m zarar yetkazilgani hisoblangan.

Bundan tashqari, A.N.ga maktab hududida har bir kesilgan daraxt uchun 10 tupdan daraxt ko‘chatlari ekish va 3 yil davomida ularni parvarishlash majburiyati yuklatilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sho‘rchida tuman hokimining soxta hujjatlarga asoslanib chiqargan qarori tufayli 160 tup tut daraxti kesib tashlangandi. Shuningdek, «Denov tuman yo‘llardan foydalanish UK»ning uchastka bo‘limi boshlig‘i J.F. tomonidan Denov shahrida 109 tup noyob daraxt kesib tashlangandi. Bundan tashqari, Termiz shahrida ham xalqaro savdo markazi qurish uchun ajratilgan hududda ko‘plab daraxtlar kesilgandi.

Top