16:07 / 22.09.2021
4956

Urganch-Xiva yo‘lini xorijdan mutaxassislar olib kelib, maxsus loyiha asosida obodonlashtiramiz – Shavkat Mirziyoyev

Urganch va Xiva shaharlari o‘rtasida 100 dan ziyod zamonaviy servis obektlari barpo etiladi. Bu ishlar Urganch, Xonqa, Bog‘ot, Hazorasp, Tuproqqal'a tumanlaridagi yo‘llar bo‘ylarida ham amalga oshiriladi. Bu haqda Xivadagi uchrashuv chog‘ida prezident Shavkat Mirziyoyev ma'lumot berdi.

“Kelgusi besh yilda turizm xizmatlarini kamida 5 barobarga oshirish bo‘yicha alohida dastur qabul qilinadi. Bunda, yangi mehmonxona va oilaviy mehmon uylari tashkil etilib, o‘rinlar soni 8 mingtaga yetkaziladi.

Urganchdagi Pahlavon Mahmud va Xivadagi Alleya hududlarida “Turizm ko‘chasi” barpo etiladi. Xiva shahriga tezyurar poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yilib, turistlar oqimi kamida 2 barobarga oshadi.

“Manguberdi vataniga sayohat” nomli ichki turizm dasturi orqali, har yili 500 mingdan ziyod o‘quvchi, talaba va pensionerlarning Xorazmga safarini tashkil etish mo‘ljallanmoqda.

Shu bilan birga, hozirgi kunda e'tibordan chetda qolgan 100 dan ziyod madaniy meros obektlarini restavratsiya qilishga davlat buyurtmasi joriy qilinadi hamda ularga olib boruvchi infratuzilma tiklanadi. Buning uchun, budjetdan har yili 50 milliard so‘m ajratiladi. 

Misol uchun, Ichan-qal'adagi Najmiddin Kubro saboq bergan Shayx Kabir masjidi, xonaqoh va chillaxona rekonstruksiya qilinib, ziyoratgohga aylantiriladi. Arab Muhammadxon madrasasidagi 56 mingta eksponat, nodir topilma va buyumlarni saqlash va namoyish qilish uchun, yangi muzey tashkil etiladi. Ushbu obektlar negizida yangi turizm marshrutlari ko‘paytirilib, 200 dan ortiq servis shoxobchalari barpo etiladi va 2 mingga yaqin ish o‘rinlari yaratiladi.

Shuningdek, Xiva shahrida YuNeSKO ko‘magida restavratsiya maktabi tashkil etiladi. Ushbu maktabda malakali mutaxassislar tayyorlash uchun, xorijdan ham yetakchi ekspertlarni olib kelamiz.

Hunarmandchilik yo‘nalishida kelgusida 15 mingta yangi ish o‘rinlari tashkil etiladi. Masalan, Xonqada kigiz tayyorlovchilar, Yangiariq va Qo‘shko‘pirda kulollar, Xivada gilamchi va yog‘och o‘ymakorlarini qo‘llab-quvvatlash uchun, ularga naqd pulda kredit beriladi va asbob-uskunalar sotib olishga subsidiyalar ajratiladi. Shuningdek, Qo‘shko‘pirda yangi dizayndagi mahsulotlar ishlab chiqarish va qadoqlash, elektron savdo platformasi orqali sotish, marketingga o‘qitish bo‘yicha Hunarmandlar o‘quv markazi tashkil etiladi. Hunarmandlar mahsulotlari bo‘yicha Xorazm brendini yaratish va bozorlarga olib chiqish dasturi amalga oshiriladi.

12 ming gektar paxta va g‘alla maydonlari qisqartirilib, aholiga ochiq tanlov asosida, 50 sotixgacha yer uzoq muddatli ijaraga beriladi va 55 mingdan ziyod aholi bandligi ta'minlanadi. Viloyatda bu tajribani joriy etishga, dastlabki bosqichda 100 milliard so‘m ajratiladi.

Xorazmlik mohir ustalar qurilish sohasida katta salohiyatga ega ekani hammaga ma'lum. Ularning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida, o‘zini o‘zi band qilgan ustalarga birgalikda, kooperativ asosida ishlashga ruxsat beriladi.

Shuningdek, kasb-hunar markazi tashkil etilib, uni bitirganlarga asbob-uskuna sotib olishga subsidiya ajratiladi. Shu orqali, 10 ming nafar fuqarolar o‘qitilib, bandligi ta'minlanadi.

Urganch va Xiva shaharlari o‘rtasida 100 dan ziyod zamonaviy servis obektlari barpo etiladi. Bu ishlar Urganch, Xonqa, Bog‘ot, Hazorasp, Tuproqqal'a tumanlaridagi yo‘llar bo‘ylarida ham amalga oshiriladi.

Men alohida topshiriq berdim – Urganch-Xiva yo‘lini xorijdan mutaxassislar olib kelib, maxsus loyiha asosida obodonlashtiramiz”, deya Shavkat Mirziyoyevning so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Top