21:39 / 23.09.2021
27313

O‘zbekiston umumiy tashqi qarzi 2 mlrd dollarga oshdi – Markaziy bank

Joriy yilning birinchi yarmida O‘zbekiston umumiy tashqi qarzi 6 foizga yoki 2 mlrd dollarga oshib, 35,9 mlrd dollarni tashkil qilmoqda.

Foto: Paul Yeung/Blomberg

O‘zbekistonning umumiy tashqi qarzi hajmi joriy yilning boshiga nisbatan 6 foizga yoki 2 mlrd dollarga oshgani holda 2021 yil 1 iyul holatiga ko‘ra, 35,9 mlrd dollarni (joriy yilning 1 yanvar holatiga 33,8 mlrd dollar) tashkil qilmoqda.

Xususan, yil boshiga nisbatan davlat tashqi qarzi 3 foizga yoki 627,9 mln. dollarga o‘sib 22 mlrd dollarni, davlat tomonidan kafolatlanmagan tashqi qarz esa 11 foizga yoki 1,4 mlrd dollarga o‘sib 13,9 mlrd dollarni tashkil etgan.

Shuningdek, joriy yilning birinchi yarmida davlat tashqi qarzi bo‘yicha 353,4 mln dollar miqdordagi asosiy qarz va 206,5 mln dollar miqdordagi foiz to‘lovlari amalga oshirilgan.

Xususiy tashqi qarz to‘lovlari esa asosiy qarz bo‘yicha 1,6 mlrd dollar va foiz to‘lovlari bo‘yicha 238,8 mln dollarni tashkil qilgan.

Bunda asosiy qarz va foizlar bo‘yicha to‘lovlarning eng katta qismini banklar, neft-gaz va energetika sohasidagi korxonalar amalga oshirgan.

Markaziy bank ma'lumotlariga ko‘ra, umumiy tashqi qarz o‘suvchan tendensiyaga ega bo‘lib, undagi o‘zgarishlar tahlili shuni ko‘rsatdiki, davlat tashqi qarzi o‘sishi hududlar va iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha davlat dasturlarini moliyalashtirish uchun yangi qarzlarning jalb qilinishi bilan izohlansa, xususiy sektorda esa asosan tijorat banklari va iqtisodiyotning boshqa sektorlari tomonidan yangi qarzdorliklarning jalb qilinishi va asosiy qarzlarning qisman so‘ndirilishi hisobiga o‘sish kuzatilgan.

Avvalroq, Moliya vaziri Timur Ishmetov 2021 yil uchun 5 milliard dollar miqdorida tashqi qarz jalb qilish belgilanganini ma'lum qilgandi. 2020 yilda esa olingan davlat tashqi qarzlari 5,4 milliard dollarni tashkil etgan.

Top