15:01 / 23.09.2021
591
Qoraqalpog‘istonda koronavirus bilan kasallangan 24 nafar bemor og‘ir ahvolda ekani ma'lum bo‘ldi
Foto: KUN.UZ

23 sentabr soat 11:30 holatiga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston bo‘yicha koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlar soni 358 nafarni tashkil qilmoqda. Shundan 55 bemor Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugda tashkil qilingan Nukus maxsus tibbiyot kompleksida davolanmoqda.

Qoraqalpog‘iston SSVga ko‘ra, shulardan 24 nafar bemorning ahvoli og‘ir, 3 nafar bemor juda og‘ir ahvolda, 25 nafar bemorning ahvoli o‘rtacha, 3 nafar bemorning ahvoli qanoatlanarli deya baholangan.

Qo‘shimcha qilinishicha, bemorlar dori-darmon va 5 mahal issiq ovqat bilan ta'minlangan. Oldin koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni qabul qilayotgan Respublika ftiziatriya va pulmonologiya markazi va Beruniydagi «Pedagogika kolleji sport kompleksi» hozircha COVID-19 bemorlarini qabul qilmayapti.

Shuningdek, 303 nafar bemor – koronavirusning yengil simptomlari bilan uy sharoitida hududiy poliklinikalar nazorati ostida davolanyapti.

Ma'lumot uchun, Qoraqalpog‘istonda bugungacha 16 004 nafar bemor sog‘aygan. 22 sentabr kuni 16ta yangi kasallanish holati qayd etilgan.

Eslatib o‘tamiz, Qoraqalpog‘istonda 10 kun oldingi koronavirus bilan bog‘liq ko‘rsatkichlar deyarli 50 foizga kamaygan.

Top