08:02 / 23.09.2021
9509
Tsement uchun soliq stavkasi pasaytirildi, narx qanchaga arzonlaydi? Qurilish materiallari bo‘yicha mutaxassis bilan suhbat

Tsement ishlab chiqaruvchi korxonalarga foyda va yer qa'ridan foydalanganlik uchun soliqlar pasaytirilmoqda. Bu bevosita narxlarga ta'sir qiladi. Tsement ishlab chiqarishda nima yangiliklar kutilmoqda, narxlar qanchaga pasayadi, qurilishga buning qanday ta'siri bor? Kun.uz soha mutaxassisining fikrlarini bo‘lishadi.

Prezident qaroriga muvofiq, 2021 yil 1 oktyabridan sement ishlab chiqaruvchi korxonalar uchun foyda solig‘i 15 foizga, 2022 yil 1 yanvardan esa yer qa'ridan foydalanganlik solig‘i 45 ming so‘mdan 22 ming so‘mga pasaytirilmoqda. Bu nimani anglatadi, narxlar qanchaga pasayadi, O‘zbekistonda sement ishlab chiqarish tendensiyasida nima o‘zgarishlar bo‘ladi? Kun.uz savollariga “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi boshqarma boshlig‘i Botir Xo‘jabekov javob beradi.

– Yer qa'ridan foydalanganlik uchun soliq stavkasining pasaytirilishi nimani anglatadi?

– Tsement ishlab chiqarish amaliyotida avval ohaktosh portlatib, keyin uni maydalash orqali sement olinadi. Bir tonna ohaktosh olish uchun yer qa'ridan foydalanganlik solig‘i bor – 45 ming so‘m etib belgilangan. Bu bir tonna sementning 12-13 foizini tashkil qiladi. Bir tonna sement narxi 350 - 450 ming so‘m atrofida, 45 ming so‘m soliq bir tonnaga o‘tirsa, yer qa'ridan foydalanganlik solig‘i sement tannarxining 12-13 foizini tashkil qiladi. Yanada oddiy aytadigan bo‘lsak, ishlab chiqarilayotgan sement tannarxi 350-450 ming so‘m atrofida bo‘lsa, o‘shaning 45 ming so‘mi yer qa'ridan foydalanganlik solig‘idir.

Birjada sementning narxi 500-550 ming so‘m. 31 avgustda Prezidentning “Qurilish materiallari sanoatini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 52-39-sonli qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, sement ishlab chiqarish korxonalari uchun 2021 yilning 1 oktyabridan foyda solig‘ini 20 foizdan 15 foizga tushirish belgilandi. Yer qa'ridan foydalanganlik uchun soliqni esa 2022 yil birinchi yanvardan 45 ming so‘mdan 22,5 ming so‘mga tushirish belgilandi. Bu nimaga olib keladi? Birinchi o‘rinda mahalliy sement ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan ishlab chiqarilayotgan sement tannarxi 22,5 ming so‘mga arzonlashadi (bir tonnasi).

Sababiki, bir tonna sement ishlab chiqarish uchun o‘rtacha bir tonna ohaktosh sarf etiladi (o‘rtacha birga birni tashkil etadi). Demak, bu sement korxonalarida ishlab chiqarilayotgan sement tannarxi pasaysa, taklif qilinayotgan mahsulotning boshlang‘ich narxini ham 22,5 ming so‘mga arzonlashtirish imkoniyati tug‘iladi. Tsement tannarxi 6-7 foizga arzonlashadi.

(Eslatma: sement tannarxining 6-7 foizga arzonlashi, 2022 yil boshida yer qa'ridan foydalanganlik solig‘i 22,5 ming so‘m bo‘lganda yuz beradi.)

– Boshqa davlatlarda qanday, masalan qo‘shnilarda?

Bizda yer qa'ridan foydalanganlik uchun soliq 45 ming so‘m bo‘lsa, ohaktosh tannarxining 150-200 foizini tashkil etadi. Bir tonna ohaktoshni qazib olish xarajati 25-30 ming so‘mga tushgan taqdirda, ustiga 45 ming so‘m soliq o‘tiradi. Shu sababli bu ohaktosh tannarxini 150-200 foizga oshiradi.

Ushbu soliq miqdori Qozog‘istonda bu 4,7 foiz, Tojikistonda 7 foiz, Qirg‘izistonda 3 foiz, Turkmanistonda 0 dan 50 foizgacha. Bizda qo‘shnilarga qaraganda soliq yukining balandligi tufayli raqobatbardoshlikka ta'sir qiluvchi omillardan biri tushib ketgan. Shu sababli stavka 22,5 ming so‘mga kamaytirildi. Qo‘shni davlatlardan bizgacha olib kelinadigan sementning logistika xarajatlari bilan solishtirganda raqobatbardoshlik muhiti yaxshilanadi. 

O‘zbekiston va qo‘shni davlatlarda sement ishlab chiqaruvchilar uchun soliq stavkalari

T/R Ko‘rsatkichlar O‘lchov birligi Tsement yetkazib beruvchi asosiy davlatlar*
Qozog‘iston Tojikiston Qirg‘iziston Turkmaniston Eron O‘zbekiston
1 Foyda solig‘i Foiz 20% 13% 10 % 8 % 0 – 25,3 % 20%
2 QQS Foiz 12% 18 % 12 % 15% 9 % 15%
3 Yer qa'ridan foydalanganlik solig‘i

Foiz/tn

(so‘m)

4,7% 7 % 3 % 0-50% (rentabellikka qarab) yo‘q

Tabiiy gazda ishlovchi

korxonalar uchun

45000 so‘m/tn, Ko‘mirdan ishlaydigan korxonalar uchun

22500 so‘m/tn

4 Mol-mulk solig‘i Foiz/tn 1,5% 3-15 % 0,8 % 1% yo‘q 2%
5 Yer solig‘i 1ga/so‘m

1,2-14,3 ming so‘m

oralig‘ida (yer joylashgan hududga qarab

o‘zgaradi)

1,5-1,9 ming so‘m

oralig‘ida (yer joylashgan hududga qarab

o‘zgaradi)

0-50 ming so‘m

oralig‘ida (yer joylashgan hududga qarab

o‘zgaradi)

yo‘q Kelishuvning 5% miqdorida

Toshkent shahrida 41,6-208 mln so‘m, viloyatlarda 20,8-33

mln so‘m oralig‘ida.

Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlar uchun tuman va shaharlar kesimida.

- ularning iqtisodiy rivojlanishiga qarab 0,5 dan 2,0 gacha bo‘lgan kamaytiruvchi

va oshiruvchi koeffitsiyentlar, «Shaharlar va shaharchalarning ma'muriy – chegaralarida joylashgan konlar va karerlar band etgan yerlar uchun soliq.

Stavkalariga 0,1 koeffitsiyentini qo‘llagan

holda to‘laydi.

 

 

 

*Soliq kodekslaridan olingan ma'lumotlar

 – Foyda solig‘i ham pasaytirilmoqda, umumiy hisobda narxda qanday o‘zgarish bo‘ladi?

– Boshqa sohalarda foyda solig‘i 15 foiz, sement ishlab chiqaruvchilarda esa 20 foiz. 1 oktyabrdan boshqa sohalar kabi stavka 15 foizga tenglashtirilyapti. Demak 1 oktyabrdan foyda solig‘i 5 foizga kamayadigan bo‘lsa, bu sement narxiga 5-10 ming so‘m atrofida ta'sir qilishi mumkin. Foyda solig‘ining 1 oktyabrdan 15 foizga tushirilishi oqibatida 5-10 ming so‘m arzonlashadi, unga qo‘shimcha ravishda 2022 yil 1 yanvardan yer qa'ridan foydalanganlik uchun soliq pasayishi hisobiga 22 ming so‘m sement tannarxi arzonlashadi. Umumiy olganda bir tonna sement narxi 30 ming so‘mgacha arzonlashi kutilmoqda.

– Ichki bozorda ishlab chiqarish talabni to‘liq qoplaydimi, kelgusida nimalar o‘zgaradi?

– Har yili sement ishlab chiqarish va iste'mol qilish balansi bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi farmoni qabul qilinadi. 2021 yilda sement ishlab chiqarish va iste'mol qilish balansi VMning 14-martdagi farmoyishiga ko‘ra, sementga bo‘lgan ichki talab 16 mln 100 ming tonnani tashkil qilishi prognozlashtirilgan. Tsement ishlab chiqarish esa 16 mln 400 ming tonna deb taxmin qilingan, ya'ni ichki talabga nisbatan 300 ming tonna ko‘p mahsulot ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan. Hozirgi kunda respublikada 30 ta sement zavodi faoliyat yuritmoqda. Umumiy quvvati 21 mln tonna. Yil yakuniga qadar yana 3 mln tonna atrofida quvvat ishga tushirilishi kutilmoqda. Shundan keyin respublikaning sement ishlab chiqarish loyihaviy quvvati 24 mln tonnaga yetadi. Bu yil 16,4 mln tonna ishlab chiqarish belgilangan bo‘lsa, dunyo bo‘yicha o‘rtacha aholi jon boshiga 540 kg sement ishlab chiqarilishi ko‘rsatkichi bor. Demak, aholi har yili 600-700 mingga ko‘paysa, bu 350 ming tonna atrofida ichki talab oshib borishini anglatadi. Bu yil ishlab chiqarish 16,1 mln tonnaga yetkazilsa, keyingi yil 16,5 tonna, undan keyingi yil 17 mln tonna va hokazo tarzda oshirib boriladi. Bundan kelib chiqadiki, ishlab chiqarish ichki talabni 100 foiz qoplaydi.

Talabga nisbatan taklif qanchalik ko‘p bo‘lsa, raqobat muhiti kuchayadi. 2020 yil yakuni bilan respublikada 12 mln 500 ming tonna sement ishlab chiqarilgan, talab esa 14,5 mln tonna bo‘lgan. Korxonalarning ishlab chiqarish quvvati yetmay, 2 mln tonna sement defitsit bo‘lgan. 2021 yildan boshlab quvvat yetarli, ichki talabni ortig‘i bilan qondirishga imkon bor. Bu korxonalar o‘zaro raqobatlashib mijozlarni jalb qilish uchun sifat va narxga katta e'tibor berishlariga olib keladi.

– Tsement narxining arzonlashi oqibatida qurilish narxi qanchaga arzonlashi mumkin? Umuman, qurilishda sementning ulushini qanday baholaymiz?

– 2020 yil yakuni bilan 90 trln so‘m atrofida qurilish ishlari amalga oshirilgan. Qurilish materiallari ishlab chiqarish sohasini olsak, 22 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan, shuning deyarli 30 foizini sement tashkil qiladi. 25 foiz atrofida temir-beton buyumlari tashkil qiladi. Demak, qurilishda sementning ulushi bir metr kvadratda 5-10 foiz atrofida narxga ta'sir qiladi. Bir tonna sement narxi 30 ming so‘m (10 foiz)ga arzonlashsa, qurilishda 1-2 foizga tannarx arzonlashi mumkin. Bu unchalik sezarli ta'sir emas. Lekin qurilish aralashmalari,  temir beton buyumlari kabilar bilan birga taxminan 3-5 foizga arzonlashi mumkin.

– O‘tgan yil qish mavsumida gaz yetishmovchiligi tufayli sement ishlab chiqarishda muammolar yuzaga keldi va bu narxga ta'sir qildi. Bu yil ham shu holat kuzatilsa, bozorda qanday o‘zgarish bo‘ladi?

– Taqqoslaydigan bo‘lsak, 2020 yil yakunida korxonalarga tabiiy gaz yetkazib bermaslik oqibatida 1 mln 700 ming tonnaga yaqin sement ishlab chiqarilmagan. Bu asosan yilning birinchi choragiga to‘g‘ri kelgan. 2021 yilning boshida esa korxonalar gaz yetishmovchiligi sababli 600 ming tonna ishlab chiqara olmadi. Yil oxirida gaz ta'minotida muammo bo‘lmasligi kerak deb kutyapmiz.

2019 yilgacha bo‘lgan davrda qish mavsumida ko‘plab chakana savdo bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar sement olib omborlarda saqlaydi. Yozda korxonalar tomonidan sement ishlab chiqarilib, bozorlarga savdoga chiqarishlari bilan bir qatorda, tadbirkorlar omborlardagi sement ham sotuvga chiqarilgan va natijada narx arzonlashiga katta ta'sir qilgan.

Eng katta salbiy ta'sir 2020 yilda kuzatildi, narx birjada 800-850 ming so‘mga borib qoldi. Bu yil narxdagi ta'sir 300 ming so‘m yoki 40 foizga kamaydi. O‘tgan yil iyun-iyul oylarida o‘rtacha narx 745 ming so‘m bo‘lgan, bu yil 521 ming so‘m bo‘lmoqda, bu birja narxlari 30 foizga arzonlaganini ko‘rsatadi. 2021-2024 yillarda jami loyihaviy quvvati 17 mln tonna bo‘lgan korxonalar ishga tushirilishi kutilmoqda. Bugungi kunda 21 mln tonna quvvatga ega bo‘lsak, 2024 yilga borib 38 mln tonnaga quvvat oshiriladi. Bu yanada raqobat kuchayib, narx arzonlashi va sifat yaxshilanishiga sabab bo‘ladi.

– Yuqorida o‘tgan yillardagi defitsit haqida gapirdingiz, bu qanday omillar bilan izohlanadi?

– O‘tgan yili 12,5 mln tonna sement ishlab chiqarilgan. Bozorda 14,5 mln tonnalik talab bo‘lgan, 2,5 mln tonna mahsulot chetdan import va 500 ming tonna chetga eksport qilingan. Joriy yilda ( yanvar-iyul) 1 mln 700 ming tonna sement import qilingan. Sekin-asta import miqdori kamayayotganini ko‘rish mumkin. Ichki ishlab chiqarishda tannarx qimmatlashishiga ta'sir qiluvchi asosiy omillardan biri deb soliqlar yukidir. Yana bir asosiy ta'sir qiluvchi omillar shuki, aksar korxonalarning marketing sistemasi yaxshi yo‘lga qo‘yilmaganligi, mutaxassis kadrlar yetimovchiligi va boshqalardir. Mijozlar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri ishlash orqali korxonalar ishlab chiqaradigan sement turlariga, sifatiga hamda narxiga katta e'tibor qaratadilar.

2019-2021 yillarda sement ishlab chiqarish quvvati to‘g‘risida ma'lumot

Muddat Loyihaviy quvvat
2019 yil I chorak 11 mln 550 ming tonna
2020 yil I chorak 15 mln 100 ming tonna
2021 yil I chorak 16,7 mln tonna
2021 yilning shu davrida 21 mln tonna

Aholiga sifatli va yanada arzon sement maxsulotlarini yetkazib berish maqsadida, tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda tahliliy hamda amaliy ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan:

Yilning kuz-qish mavsumlarida korxonalarni yetarli hajmlarda tabiiy gaz hamda elektr energiyasi bilan o‘z vaqtida ta'minlash. Bunda, 2020-2021 yilning kuz-qish mavsumining ijobiy tajribasidan kelib chiqqan holda, tabiiy gaz ta'minotida taqchillik yuzaga kelganda, energiya samaradorlik me'yorlariga javob beradigan korxonalarga importdan tabiiy gaz yetkazib berish amaliyotini doimiy joriy qilish. Mahalliy ishlab chiqarilgan va import qilingan sement sotilishida yagona va teng mexanizmni joriy etish va boshqalar.

Madina Ochilova suhbatlashdi

Top