17:52 / 23.09.2021
1958

Urgutda yer talashib dehqon xo‘jaligi rahbarini o‘ldirgan yigit 18 yilga qamaldi

Samarqand viloyati Urgut tumanida fermer xo‘jaligiga tegishli yerga so‘roqsiz tok ekkan yigit xo‘jalik rahbarini pichoqlab o‘ldirgan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Urgut tuman sudida bo‘lib o‘tgan sud majlisida ayblanuvchiga 18 yil qamoq jazosi tayinlangan. Bu haqda Kun.uz’ga Oliy Sud Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi boshlig‘i Aziz Obidov xabar berdi.

Ma'lum qilinishicha, joriy yil 30 aprel kuni Urgut tumani Terak mahallasida yashovchi fuqaro S.P. shu mahallada yashovchi K.O. bilan yer talashib janjallashib qolgan. Janjalga O.K. o‘z rahbarligidagi dehqon xo‘jaligiga tegishli bo‘lgan yerga S.P. tomonidan so‘roqsiz ekilgan tok ko‘chatlarini buzib tashlagani sabab bo‘lgan.

Xo‘jalik rahbari tokzorni buzganidan g‘azablangan S.P. o‘zaro kelib chiqqan janjal davomida yonida bo‘lgan oshxona pichog‘i bilan O.K.ning bo‘yin sohasiga bir marotaba urib, uni qasddan o‘ldirgan. Mazkur qotillik yuzasidan Urgut tumani IIO FMB tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 97- moddasi bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Qayd etilishicha, joriy yil 17 sentabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Urgut tuman sudida mazkur jinoyat ishi ko‘rib chiqilgan. Sud ayblanuvchi S.P.ni Jinoyat kodeksining 97-moddasi «j» bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topgan va unga 18 muddat ozodlikdan mahrum etish jazosini tayinlagan. Mahkumga jazoni umumiy tartibli koloniyada o‘tkazishi, hukm 2021 yil 30 apreldan boshlab hisoblanishini belgilangan.

Mavzuga oid
Top