16:48 / 24.09.2021
7980
Elbrusga ko‘tarilish chog‘ida havaskor alpinistlar guruhi kuchli bo‘ronga duch keldi. Besh kishi halok bo‘lgan

Rossiya tarkibidagi Kabardin-Bolqoriya Respublikasida joylashgan Elbrus tog‘iga chiqish paytida besh alpinist halok bo‘ldi, 14 kishi qutqarildi. 5400 metrga yaqin balandlikdagi odamlarni qidirish va qutqarish bo‘yicha operatsiya yetti soatdan ortiqroq davom etdi.

23 sentabr kuni 19 kishidan iborat alpinistlar guruhi Elbrus yonbag‘irlarida, 5400 metr balandlikda yo‘qolib qoldi. Guruhda Rossiyaning 11 regionidan kelgan, 30 yoshdan katta odamlar bo‘lgan: ular professional alpinistlar bo‘lmagan. FVVning Kabardin-Bolqoriya bo‘yicha bosh boshqarmasi ma'lumotiga ko‘ra, soat 17:00 atrofida turistlar ob-havo keskin yomonlashgani haqida signal yuborishgan.

Shundan so‘ng o‘nlab qutqaruvchilar va 16ta texnika qidiruv ishlariga kirishgan. Hududda shamol tezligi soniyasiga 40-70 metrga yetgan, qor yog‘gan, havo harorati -20 darajaga tushib ketgan, bir metrdan uzoqni ko‘rib bo‘lmay qolgan, bu qutqaruv operatsiyasini murakkablashtirgan. Shuningdek, guruh tarqalib ketgani ham qidiruvni yanada qiyinlashtirgan.

«Elbrus tog‘idagi qidiruv-qutqaruv operatsiyasi chog‘ida alpinistlar guruhidan 14 kishi qutqarildi, ular ratraklarda [maxsus gusenitsali transport] Azau yalangligiga evakuatsiya qilindi va shifokorlarga topshirildi. Afsuski, besh kishi halok bo‘ldi», deya Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligiga asoslanib xabar bergan «Interfaks» agentligi.

FVVning Kabardin-Bolqoriya bo‘yicha bosh boshqarmasi boshlig‘i Mixail Nadyojinning so‘zlariga ko‘ra, ko‘plab alpinistlarda jarohatlar bor. «Deyarli hammada kuchli muzlash belgilari bor. Ayrimlarning qo‘l-oyoqlari singan. Shifokorlar hozir ularni deyarli 4000 metr balandlikda qabul qilib olgan», degan u TASS agentligiga.

Nadyojin qutqaruv operatsiyasi yakunlangani, bu jarayon yetti soatdan ortiqroq vaqt davom etganini qo‘shimcha qilgan. Odamlarning halok bo‘lishi yuzasidan xavfsizlik talablariga rioya qilinmasdan xizmat ko‘rsatish moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Aynan nima sodir bo‘ldi?
Avvalroq qidiruv-qutqaruv otryadi xodimi TASS muxbiri bilan suhbatda guruhga hamrohlik qilgan gid uni tashlab ketgani haqida xabar bergandi. «Odamlarni bu yerga olib kelgan gid ularni tog‘ yuqorisida qoldirib, o‘zi pastga tushgan, biz uni yo‘lda uchratdik. Bizdan pastroqda ikkita chiroq ko‘rinyapti, umid qilamizki, ularni ham qutqaramiz», degan maxsus otryad vakili.

Ammo safar tashkilotchilaridan biri, Elbrus.guide klubi vakili Denis Alimov TASS va «Interfaks» uchun bergan ma'lumotida guruhga to‘rt nafar professional alpinist hamrohlik qilgani va ular odamlarni qutqarish uchun bor imkoniyatlarini ishga solishganini aytib o‘tgan. Ularning marshruti FXX tomonidan ro‘yxatga olingan bo‘lgan.

Alimovning so‘zlariga ko‘ra, guruhda dastlab 20 kishi bo‘lgan - 16 ishtirokchi va to‘rt nafar gid. «Guruh yo‘lga otlanganida, kuchli shamol bo‘lgan, ammo ob-havo barqaror edi, hech qanday kechikish bo‘lmadi», degan u.

Cho‘qqiga ko‘tarilish chog‘idagi ilk muammolar guruhdagi ayollardan birining tobi qochganidan keyin boshlangan. O‘shanda gidlardan biri va ahvoli yomonlashgan qiz Elbrusdan tusha boshlagan, qolganlar esa yuqoriga qarab harakatlanishda davom etgan.

Alimovning aytishicha, undan keyin nimalar bo‘lganini qizga hamrohlik qilgan giddan eshitgan. «Uning so‘zlariga ko‘ra, safar boshlanishidan yarim soat o‘tib havo keskin yomonlashgan, shamol pastdan tepaga qarab esgan, bo‘ron boshlangan. Ehtimol, bosim ham keskin tushib ketgan, chunki pastlikka tushilgach keyin ham qizning ahvoli yomonlashgan. U hushini yo‘qotgan va bir soat ichida gidning qo‘lida vafot etgan», deya Alimovning so‘zlarini keltiradi TASS.

Uning aniqlik kiritishicha, qizning o‘limi soat 11:00-12:00 oralig‘ida ro‘y bergan. Shundan so‘ng gid uning tanasi turgan joyni ryukzak bilan belgilab, guruhning qolgan a'zolari qaytishini kuta boshlagan. Guruh a'zolari o‘z vaqtida ortga qaytmagach, u soat 15:00 atrofida lager bilan bog‘langan va ratrak orqali pastga tushgan. Keyin u FVV qutqaruvchilarini chaqirgan.

Guruh uch qismga bo‘lingan
Alimovning ma'lumot berishicha, cho‘qqiga qarab harakatlanganlardan biri oyog‘ini sindirib olgan. Bu vaqtga kelib ob-havo keskin yomonlashgan. «Ehtimol, shu sababli guruh vaqt yo‘qotgan, havo o‘ta yomonlashgan», deydi Alimov TASSga.

Shundan keyin guruh ishtirokchilari bo‘linishga qaror qilgan, tezroq yetib boradiganlar sekinroq harakatlanadiganlarni kutib qolmasligi uchun. «Ular guruhni uchga — tezroq va sekinroq yuradiganlarga bo‘lgan. Tog‘dan tushishda guruhlardan biridagi yana ikki kishi halok bo‘lgan. Biroq bo‘linish qarori to‘g‘ri bo‘lgan, aks holda qurbonlar ko‘proq bo‘lishi mumkin edi», deya hikoya qiladi Alimov. Yana ikki kishi shifoxonada vafot etadi.

FVV ma'lumotiga ko‘ra, jami besh kishi halok bo‘lgan - to‘rt ayol va bir erkak. Ularning o‘limiga kuchli muzlash sabab bo‘lgan. RIA Novosti agentligi Kabardin-Bolqoriya sog‘liqni saqlash vazirligiga asoslangan holda omon qolgan 14 kishidan 11 nafari shifoxonaga yotqizilganini ma'lum qildi: ularning ikki nafari jonlantirish bo‘limida, uch nafari - terapiyada, uch kishi - kuyish bo‘limida, ikki kishi - travmatologiyada, bir kishi - ko‘krak qafasi jarrohligi bo‘limida. Shifokorlar jabrlanuvchilarning hayotiga xavf yo‘qligini bildirishgan.

Safar tashkilotchisining aytib berishicha, gidlar kuchli sovuq sabab sog‘ligini yo‘qotgan va shikastlangan. «Ulardan biri deyarli ko‘r bo‘lib qolgan, qor uning ko‘zini kuchli yaralagan», deydi Alimov.

Elbrus - Rossiyadagi eng baland tog‘ cho‘qqisi hisoblanadi, uning balandligi dengiz sathidan 5642 metrni tashkil etadi.

Top