10:23 / 24.09.2021
327
Navoiyda 665 743 nafar saylovchi ro‘yxati shakllantirilgan

Navoiy viloyatida uchastka saylov komissiyasi a'zolari uyma-uy kirib-chiqishi amalga oshirilyapti. Natijalar bo‘yicha saylovchilar ro‘yxatiga kundalik tuzatishlar kiritilmoqda. Dastlabki aniqliklar bo‘yicha viloyatda 665 743 nafar saylovchi ro‘yxati shakllantirilgan. Bu haqda 5-Navoiy okrug saylov komissiyasining navbatdagi matbuot anjumanida ma'lum qilindi.

Ta'kidlanishicha, viloyatdagi 411 ta uchastka saylov komissiyasining 275 tasi umumta'lim maktablarida, 46 tasi MFY, 24 tasi kollej, texnikum va kasb-hunar maktabi, 11 tasi tibbiyot markazlari, 8 tasi harbiy qismlar, 7 tasi madaniyat va sport markazlari, 3 tadan oliy o‘quv yurtlari hamda ozodlikdan mahrum qilish joylari, 2 tasi dam olish maskani va 30 tasi boshqa binolarda joylashtirilgan.

Shuningdek, saylov uchastkalarining barchasi zarur vositalar bilan ta'minlanib, 822 dona kompyuter jamlanmasi ajratilgan. Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tavsiya etilgan barcha tasviriy vosita va roliklar viloyatdagi 159 ta, jumladan 27 ta LED ekranda namoyish etilmoqda.

Oldinroq Navoiyda prezidentlikka nomzodlarning ishonchli vakillari ishtirokida brifinglar tashkil etilayotgani xabar qilingandi.

Top