17:13 / 24.09.2021
5679

«O‘z mamlakatimizda pandemiyani tugatishimiz uchun uni dunyoning hamma joyida yengishimiz kerak» – Jo Bayden

Boy mamlakatlar kelasi yil sentabr oyiga qadar kambag‘al va o‘rtamiyona davlatlar aholisining 70 foizini emlash uchun vaksina yetkazib berishni o‘z zimmasiga olmoqda.

Foto: AP

AQSh prezidenti Jo Bayden dunyo bo‘ylab emlash jarayonini tezlashtirish maqsadida Pfizer vaksinasini sotib olishni ikki baravar ko‘paytirayotganini e'lon qildi.

Qo‘shma Shtatlar kambag‘al mamlakatlar aholisini vaksina bilan ta'minlashdagi o‘z majburiyatlarini kuchaytirmoqchi. Mamlakat prezidenti Jo Bayden Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh assambleyasi yig‘ilishida boy mamlakatlarni pandemiyani nazorat qilish uchun ko‘proq harakat qilishga undagan. Ayni paytda global emlashning borishi boy va kambag‘al davlatlar o‘rtasidagi tengsizlikni tobora kuchaytirib yubormoqda.

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish ham sammitda koronavirus oqibatida halok bo‘lgan global qurbonlar soniga ishora qilib, quyidagi fikrni bildirgan:

«Hozirgi kunga kelib butun dunyo sog‘liqni saqlash tizimi muvaffaqiyatsizlikka uchradi, 4,5 million inson halok bo‘ldi. Bizda SOVID-19ga qarshi samarali vaksinalar mavjud va pandemiyani tugatishimiz mumkin. Shuning uchun men global emlash rejasini so‘rayapman va umid qilamanki, ushbu sammit bu yo‘nalishdagi samarali qadam bo‘ladi».

Baydenga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar yana 500 million doza vaksina sotib oladi va 2022 yilgacha AQShning umumiy emlash majburiyati 1,1 milliarddan ziyod dozaga yetkaziladi. Shu paytgacha AQSh tomonidan yetkazib berilgan 160 million dozaga yaqin vaksina dunyoning 100 dan ortiq mamlakatlariga tarqatilgan. Qolgan vaksinalar kelgusi yil davomida taqsimlanishi rejalashtirilgan.

«O‘z mamlakatimizda pandemiyani tugatishimiz uchun uni dunyoning hamma joyida yengishimiz kerak», deb qo‘shimcha qildi Bayden.

Boy mamlakatlar kelgusi yilning sentyabri – BMTning navbatdagi sammitiga qadar kambag‘al va o‘rtamiyona davlatlar aholisining 70 foizini emlash uchun vaksina yetkazib berishni o‘z zimmasiga olmoqda. Bayden ushbu vazifani global yordam guruhlari tomonidan qo‘yilgan oliy maqsad sifatida e'tirof etdi.

AQSh prezidenti boshqa mamlakatlarni ham vaksina yetkazib berishda faolroq bo‘lishga chaqirmoqda:

«Bizga boshqa yuqori daromadli davlatlar ham bepul vaksina yetkazib berish bo‘yicha va'da berishlari kerak. Badavlat mamlakatlar vaksinalarni kambag‘al davlatlarga sotishdan ko‘ra xayr-ehson qilishi va ularni «hech qanday siyosiy manfaatlarsiz» yetkazib berishi kerak».

Shuningdek, Yevropa Ittifoqi ham 500 million doza vaksinani xayriya qilishga va'da bermoqda. Bu raqam ilgari e'lon qilingan miqdordan ko‘proq hisoblanadi.

Ma'lumot uchun, o‘tgan davr mobaynida dunyo bo‘ylab 5,9 milliard dozadan ortiq vaksina qo‘llandi, bu dunyo aholisining qariyb 43 foizi emlanganini anglatadi. Ammo taqsimotda juda katta tafovutlar mavjud. Ko‘pchilik kam ta'minlangan davlatlar hatto aholining eng himoyasiz qismini ham emlashga qiynalmoqda, ba'zilarida emlash ko‘rsatkichi 2–3 foiz atrofida. JSST ma'lumotlariga ko‘ra, kambag‘al mamlakatlarda ishlatilgan vaksinalarning 15 foizi boy mamlakatlar tomonidan yetkazib berilgan.

BMT Bosh assambleyasining 76-sessiyasi doirasidagi umumiy yig‘ilishda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham ishtirok etib, vaksinalardan teng va adolatli foydalanish haqida fikr bildirgandi.

«Biz Birlashgan Millatlar Tashkilotining «hech kimni e'tiborsiz qoldirmaslik, hamma uchun va barcha joyda», degan tamoyil asosida vaksinalardan teng va adolatli foydalanish imkoniyatini yaratishga doir yondashuvini to‘liq ma'qullaymiz», degandi Mirziyoyev.

Mavzuga oid
Top