11:24 / 24.09.2021
10802
Shavkat Mirziyoyev: Prezidentlikka 5 nomzodimiz bor, ular ham o‘z fikrlarini aytyapti 

Amaldagi prezident va O‘zLiDep partiyasidan prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev 24 sentabr kuni Samarqand shahriga tashrif buyurdi va “Yoshlar saroyi”da partiya vakillari hamda saylovchilar bilan uchrashdi. 

Kun.uz muxbiri xabariga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm viloyatidagi kabi an'anaga ko‘ra Shavkat Mirziyoyev bu uchrashuvda ham ayni hudud, ya'ni Samarqand viloyatidagi muammolarning kelgusi besh yildagi yechimi bo‘yicha fikrlarini bildirdi.

Tadbirni Samarqand davlat universiteti rektori Rustam Xolmurodov ochib berdi va nomzodning Yangi O‘zbekiston strategiyasiga oid 5 yillik dasturi haqida eslatib o‘tdi:

– Ishonchli vakil sifatida qoidaga ko‘ra men nomzodni sizlarga tanishtirishim kerak. Lekin menimcha bunga hojat yo‘q. Shavkat Miromonovich Samarqandliklarga juda yaxshi tanish. Hokim bo‘lib ishlaganida ham, bosh vazirlik davrida ham viloyatimizga e'tibori cheksiz. Biz Samarqandliklar sizni yaxshi ko‘ramiz. Samarqand turizm markaziga, investorlar uchun jozibador hududga aylandi.

Shundan so‘ng Rustam Xolmurodov nomzodga so‘z berdi.

“Bugungi rejam sizlar bilan ko‘proq muloqot qilish. Chunki men samarqandliklardan ko‘p narsani o‘rganganman. Bu yerga kelishdan oldin birinchi prezidentimiz Islom Abdug‘aniyevich qabrini va Go‘ri Amir maqbarasini ziyorat qilib keldim. Men Samarqandni yaxshi eslayman. Mana shu birgina binoning qurilishi ham yodimda. U paytlar hozirgiday trln.lab mablag‘lar yo‘q edi. “Yoshlar markazi” xalqimizga xizmat qilib turganini ko‘rib xursand bo‘ldim. 

Vaqt hakam! Mana, 5 yil juda tez o‘tib ketdi. Bizning qilgan ishlarimizni tahlilchilar batafsil tahlil qilishyapti. Muhim tanlov oldida turibmiz. Prezidentlikka 5 nomzodimiz bor, ular ham o‘z fikrlarini aytyapti”, dedi Shavkat Mirziyoyev rasmiy nutqini boshlashdan oldin.

Mavzu
Saylov-2021
Saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra saylovlar oktyabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkazilishi belgilandi. 2021 yilgi prezidentlik saylovi 24 oktyabrga to‘g‘ri kelmoqda.
Barchasi
Top