12:40 / 24.09.2021
27599
Tezlikni oshirganlik uchun jarimani kamaytirish taklif etilmoqda. Deputatlar uchar haydovchilarga «yaxshilik» qilmoqchimi?

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida O‘zXDP fraksiyasi yig‘ilishida Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasi muhokama qilingan va avtomobilda tezlikni oshirganlik uchun jarimani kamaytirish masalasi ko‘rib chiqilgan.

«Ushbu qonun loyihasida fuqarolarimizning e'tirozlariga sabab bo‘layotgan ayrim huquqbuzarliklar uchun jarimalar miqdori pasaytirilgan. Bu ijobiy holat, albatta», — deb yozadi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zXDP fraksiyasi a'zosi Firdavs Sharipov.

Ma'lum qilinishicha, bir guruh deputatlardan iborat ishchi guruh avtotransport vositalarini boshqarish asnosida yo‘llarda belgilangan tezlikka rioya etilishi radarlar, shuningdek, statsionar va ko‘chma maxsus texnika vositalaridan foydalangan holda nazorat qilinishini o‘rgangan.

Foto: autostrada.uz

O‘rganish davomida fuqarolar tomonidan bugungi kunda qo‘llanayotgan jarimalar miqdori yuqoriligi bo‘yicha e'tirozlar bildirilgan.

Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128-3-moddasi ikkinchi qismi sanksiyasidagi jarima miqdorini BHMning 3 baravari — 810 ming so‘m (hozir 5 baravar — 1 mln 350 ming so‘m) qilib belgilash bo‘yicha taklif bildirilgan.

Ya'ni deputatlar aholi punktlarida 70 km/soat bilan cheklangan tezlikda 20-40 km/soatdan ko‘proq aytaylik, 91-110 km/soat tezlik orasida radarga tushib qolsa, 5 BHM o‘rniga 3 BHM jarima solishni taklif qilishmoqda va buni jarimalar aholining real daromadlaridan kelib chiqib belgilanishi kerak, deya tushuntirishmoqda.

Mushohada qilaylik, bu taklifni jo‘yali deb bo‘ladimi?

«Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda nazarda tutilgan ba'zi huquqbuzarliklar uchun tayinlangan jazo choralarining miqdori kodeksning insonparvarlik va odillik prinsiplariga muvofiq emas», deb yozyapti deputat.

To‘g‘ri, shunaqalari ham bor edi. Hali ham bor. Mana shu tamoyilga rioya qilinib, yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun belgilangan ayrim jarimalar miqdori avvalroq kamaytirilgan ham edi. Bunga, ruxsat etilmagan joyda to‘xtash, svetoforda «Stop» chizig‘ini bosib to‘xtash kabi qoidabuzarliklarni misol keltirish mumkin.

Tan olish kerak, bu qoidabuzarliklar yo‘llarda harakatlanayotgan boshqa ishtirokchilarga xalaqit bermaydi, xavf tug‘dirmaydi.

Ammo yo‘l harakati qoidalari qon bilan yozilgan, deyishadi. Yo‘llardagi o‘lim bilan bog‘liq avtohalokatlarning katta qismi belgilangan tezlik me'yorini oshirish natijasida kelib chiqayotgani sir emas.

Ayni paytda yuqori tezlik uchun belgilangan jarimaning juda kattaligi ham aholi punktlarida haydovchilarning belgilangan tezlikni oshirib yuborishiga to‘siq bo‘lmoqda.

Allaqanday «ucharlar» belgilangan tezlikni 20 km/soatga oshirgani ularga og‘irlik qilayotgan bo‘lsa, sekinroq yurishlari kerak. Ularning manfaatini o‘ylab, aslo belgilangan jarimani kamaytirmaslik kerak. Juda obi-tobida hozir.

Boz ustiga, hozir aholi punktlarida belgilangan tezlikni 20 km/soatdan ortiq oshirganlik uchun jarimani hisoblash, ya'ni 1 mln 350 ming so‘m jarima qo‘llash 91 km/soatdan boshlab qo‘llanilayotgan bo‘lsa, endi bunga ham +5 km/soat qoidasi tatbiq etilib, 96 km/soatdan boshlab 115 km/soatgacha hisoblash joriy etilishi mumkin.

Ya'ni tezlikni o‘lchashda vujudga kelishi mumkin bo‘lgan texnik nuqsonlar haydovchi foydasiga hal qilingan holda shartli ravishda qonunchilikda +5 km/soat birlik belgilab qo‘yilgan. Bu qoida 70 km/soat soat tezlik chegarasi belgilangan joylarda 76 km/soatdan boshlab jarima solishni nazarda tutardi. Lekin +20, +40 tezlikni oshirganlarga ishlamas edi.

Aslida, men bu amaliyot joriy etilishiga ham qarshiman. DYHXX ham avval boshda «+5 qoidasi jarima solish va solmaslik chegarasida amal qilishi, kattaroq va kichikroq jarima chegarasida amal qilmasligi»ni ta'kidlab, mantiqli javob bergan edi. Negadir, baribir qabul qilinadigan bo‘libdi. Agar qabul qilinadigan bo‘lsa mana shuning o‘zi ham shoshqaloq haydovchilarga «katta yordam» emasmi?

Endi bu qoida ham joriy etilsa-yu, aholi punktida 115 km soat orasida harakatlangan uchar haydovchiga 5 BHM o‘rniga 3 BHM jarima qo‘llana boshlansa, yo‘llarda nimalar boshlanishini tasavvur qilib ko‘ring.

Qaytaga aholi punktlarida tezlikni o‘lchash va nazorat qilishni kuchaytirish va uning yangicha usullaridan foydalanish kerak.

Masalan, hozir joylarda foydalanilayotgan stansionar lazerli radarlarga qarshi deyarli barcha haydovchilar antiradar o‘rnatib olishgan va tezlikni aynan radar o‘rnatilgan nuqtalardagina pasaytirishadi.

Ayni paytda lazersiz, antiradarlar tutadigan signal tarqatmaydigan, avtomobilning aholi punktiga kirib-chiqishda sarflagan vaqtiga qarab avtomobilning o‘rtacha tezligini hisoblaydigan radarlar ham chiqqan. Iloji bo‘lsa mana shunaqasidan olib kelib o‘rnatish kerak.

Shaharlarimizda belgilangan tezlik miqdori 50 km/soat qilib belgilanishini ko‘pchilik kutayotgan bir paytda, bunday aks tashabbusni aslo qo‘llab bo‘lmaydi.

DYHXX xodimlari befarq bo‘layotgan qoidabuzarlik

So‘nggi vaqtlarda radarga tushmaslik uchun davlat avtomobil raqamini qog‘oz, skotch va maska bilan berkitib yuruvchi haydovchilar ko‘paygan. Albatta, bunday haydovchilar qoidabuzarlikni qasd qilib ko‘chaga chiqishadi.

Holbuki, Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 125-moddasida bunday qoidabuzarlik uchun qat'iy jazo belgilangan.

125-moddaning 5-qismida davlat raqam belgisi o‘zboshimchalik bilan yechib olingan transport vositasini boshqarganlik uchun — BHMning 5 baravari (1 mln 350 ming so‘m) miqdorida jarima ko‘zda tutilgan.

Davlat raqam belgisi yasama yoki o‘zga usullarda o‘zgartirilgan transport vositalarini boshqarish uchun BHMning 10 baravari (2 mln 700 ming so‘m) miqdorida jarima belgilangan.

Davlat raqam belgisi bu tarzda berkitib qo‘yilgani — yechib olinganga kirmasa kerak, lekin o‘zgacha usulda o‘zgartirishga nihoyatda to‘g‘ri keladi. Chunki maqsad bir xil — chalg‘itish.

Yuristlarimiz mabodo bu xatti-harakatga to‘g‘ri keladigan qoidabuzarlik Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda belgilab qo‘yilmagan, degan xulosaga kelishsa, demak qo‘shib qo‘yish kerak. Ayni vaqti.

O‘zgartiraman deyilsa, jo‘yaliroqlari bor

Agar deputatlarimiz qandaydir qoidabuzarlik uchun qonunda belgilangan jazoni yengillashtirishni istashsa, boshqalarga xavf tug‘dirmaydigan va zarari tegmaydigan qoidabuzarliklarni izlashlari kerak.

Deylik, MJtKning 126-moddasi.

Unga ko‘ra ruxsatsiz tonirovka uchun BHMning 25 baravari (6 mln 750 ming so‘m) miqdorida jarima belgilangan.

Agar deputatlarimizning qo‘llaridan kelsa, mana shu qoidabuzarlikka belgilangan jarimani kamaytirishsin. Umuman, orqa eshik oynalari uchun tonirovkaning tekin bo‘lishi uchun kurashishsin. Agar maqsad xalqqa yaxshilik qilish bo‘lsa. Ko‘pchilikning duosini olgan bo‘lishardi.

Foto: xenonshop.ru

Sub'yektiv fikrimcha, deputatlar uchar haydovchilarga «yaxshilik» qilishni maqsad qilishgan. Ko‘pincha 128(3)-moddasi ikkinchi qismi sanksiyasiga davlat tashkilotlari va idoralari xizmat avtomashinalari duchor bo‘lishadi. (O‘sha deputatlarning ham, ochig‘i). Albatta katta jarimalar mulozimlarning ham sillasini quritgan. Harna, sal yordam bo‘lsin, degan bo‘lishlari mumkin.

Tushunamiz, xizmatchilik. Lekin guruchning ortidan kurmak ham suv ichib, bu yanada dahshatli oqibatlarga olib kelmasmikan? Shaharlar orasida qatnovchi taksilarga minib ko‘rganmisiz hech? Fransiyalik diplomatning taassurotlarini o‘qimaganmisiz?

Shuhrat Shokirjonov, jurnalist

Mavzuga oid
Top