13:49 / 25.09.2021
20633

7 nafar shaxs tuman hokimi o‘rinbosari lavozimiga tayinlanib, takroriy jinoyat sodir etgan

Quyi Chirchiqda 2019 yilda korrupsiyaviy jinoyati uchun javobgarlikka tortilgan mansabdor xuddi shu yili tuman hokimi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangani ma'lum bo‘ldi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonovning ma'lum qilishicha, so‘nggi ikki yilda korrupsiya uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan mahalliy hokimliklar xodimlarining 20 nafari, jumladan, 7 nafar tuman hokimi o‘rinbosari va 13 nafar boshqa xodimlar muqaddam shu toifadagi jinoyatlarni sodir etganligi uchun sudlangan shaxslar hisoblanadi.

Jumladan, F.Atemov Quyi Chirchiq tuman obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelib, 118,4 mln so‘m budjet mablag‘larini talon-toroj qilgani va mansab soxtakorligi uchun 2019 yil fevral oyida sud tomonidan 2 yil-u 1 oy muddatga axloq tuzatish ishlari jazosiga hukm qilingan.

Shunday bo‘lsa-da, F.Atemov 2019 yil sentabr oyida Quyi Chirchiq tuman hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan. Biroq u mansabidan foydalanib, tuman o‘rmon xo‘jaligiga qarashli yer maydonidan 17 nafar fuqaroga dehqon xo‘jaligi uchun ajratilgan tomorqa yer uchastkalariga asossiz ravishda mulk huquqi tan olinishiga yo‘l qo‘yganligi uchun javobgarlikka tortilgan.

Top