13:53 / 25.09.2021
43120
«Chernobil fojiasi esingizdami?» – Qozog‘istonliklar O‘zbekistonda AES qurilishidan xavotirda
Foto: Kun.uz / arxiv

Markaziy Osiyo davlatlari ichida O‘zbekiston tomonidan birinchi marotaba barpo etilishi kutilayotgan atom elektr stansiyasi qurilishiga qo‘shni qozog‘istonliklar qarshi chiqmoqda. Ularning fikricha, katta masshtabda va tavakkalchilikka asoslanib qurilayotgan loyihalar qo‘shni davlatlar bilan hamkorlikda qilinishi kerak. Bu haqda Atameken Business nashri tayyorlagan lavhada aytiladi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistondagi atom energetikasiga oid loyiha Qozog‘iston chegarasidan 50 km uzoqlikda qurilishi nazarda tutilgan. Taraz shahri aholisi bunday yirik loyiha mahalliy aholi uchun xavfli bo‘lishidan xavotirda.

«Chernobil fojiasi esingizdami? Qancha odam nogiron bo‘lib qoldi. Ko‘pchiligini shaxsan taniyman. Bu nima uchun kerak, men bunga qarshiman», – deydi aholi vakillaridan biri.

«Men bunday qarorni qo‘llab-quvvatlamayman. Bizning farzand va nabiralarimiz bor, bizga zarardan boshqa nima beradi bu?» – deydi yana bir qozog‘istonlik.

Ma'lum qilinishicha, qo‘shni davlat ekologlari ham, agar AES ikki davlat chegarasiga yaqin joyda joylashsa, undan chiqadigan chiqindilarning xavfli ekanligidan ogohlantirgan.

«Biz AES ishlab chiqaradigan arzon energiya tufayli masalaning faqatgina iqtisodiy tarafini hisobga olmoqdamiz, lekin tabiatga yetkaziladigan zarar haqida o‘ylamayapmiz. Qayerga qurilishidan qat'i nazar radioaktiv chiqindilar bizga suv, havo va qum orqali zarar yetkazadi», – deydi ekolog Anor Jumadilova.

Qozog‘istonlik ekspertlar orasida bunga ijobiy qarayotganlar ham yo‘q emas.

«Yil sayin ilm-fan rivojlanmoqda. Butun dunyo olimlari Yer shari ekotizimini yaxshilashdan manfaatdor. Bu muammo butun dunyoga tegishli. Shuning uchun, AES qurilishini to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri deb gapirish kerak emas. Fikrimcha, olimlar tinch atom loyihasiga o‘tishni sinchiklab o‘rganib chiqqan», – deydi ekspert Sauranbek Jamolbekov.

Maqolada aytilishicha, 2028 yilda O‘zbekistondagi Tuzkon ko‘li yaqinida AES qurilib, foydalanishga topshirilishi kutilmoqda. O‘zbekiston hukumati AES qurilishi ortidan 4 milliard kub/metr gaz iqtisod qilinishiga umid qilmoqda.

Qozog‘istonning o‘zida ham AES qurish masalasi bir necha yillardan buyon muhokama qilinadi. 2019 yilda Rossiya prezidenti Vladimir Putin Qozog‘istonda Rossiya texnologiyalari bo‘yicha atom elektr stansiyasi qurishni taklif qilgandi.

Shuningdek, yaqinda Qozog‘iston prezidenti Qosim Jo‘mart To‘qayev 2030 yilga borib mamlakatda elektr energiyasi tanqisligi vujudga kelishini, shu sababli atom elektr stansiyasi qurish masalasini ko‘rib chiqish vaqti kelganini bildirgan.

O‘zbekiston va Rossiya atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish sohasidagi hamkorlikni 2017 yil dekabrida hamkorlik to‘g‘risida hukumatlararo bitim imzolanganidan keyin boshlagan edi.

Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 19 iyuldagi farmoni bilan, Vazirlar Mahkamasi huzurida Atom energetikasini rivojlantirish agentligi («O‘zAtom» agentligi) tashkil etildi.

2018 yilning 7 sentabr kuni o‘sha vaqtda Rossiya bosh vaziri Dmitriy Medvedev va O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov Rossiya loyihasi bo‘yicha O‘zbekistonda atom elektr stansiyasini qurishda hamkorlik to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimni imzoladi.

Loyiha SSER-1200 rusumdagi reaktorlarga ega ikkita energoblok qurilishini o‘z ichiga oladi. O‘zbekiston prezidentining 2018 yil 13 oktyabrdagi 3969-son qarori asosida imzolangan bitim kuchga kirgan.

2018 yili Rossiya prezidenti Vladimir Putinning O‘zbekistonga rasmiy tashrifi doirasida ikki davlat prezidentlari O‘zbekistondagi ilk AES qurilishiga start bergandi.

O‘zbekistondagi AESning birinchi energobloki 2028 yil oxiriga qadar ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

Hozircha AES qayerda qurilishi aniq emas. Dastlab Navoiy va Buxoro viloyatlari chegarasidagi To‘dako‘l atrofi AES qurilishi uchun salohiyatli maydon sifatida ko‘rilayotgani aytilgan bo‘lsa, keyinchalik inshoot Jizzax viloyatida barpo etilishi xabar qilingandi.

AES barpo etilgach O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan elektr energiyaning umumiy quvvati 2,4 gigavattgacha yetishi mumkin.

Qurilishi 11 mlrd dollarga baholangan ilk AESni barpo etish ishlari 2020 yilda boshlanishi aytilgan bo‘lsa-da, ayni paytda bu ish kechikmoqda. Ma'lumotlarga ko‘ra, tomonlar shartnoma shartlarini kelishishda til topisha olmayapti.

2020 yilning dekabrida Rossiyaning Toshkentdagi elchisi Vladimir Tyurdenev AES qurilishi bo‘yicha O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi shartnoma deyarli tayyor holatga keltirilgani, faqat texnik jihatlari qolganini aytgan, biroq «O‘zAtom» elchining gaplarini rad etib, hali kelishuvga erishilmagani, shartnomani muhokama qilishda O‘zbekiston milliy manfaatlarini inobatga olgan holda muzokara pozitsiyalari ishlab chiqilgani va himoya qilib kelinayotganini ma'lum qilgandi.

Top