10:03 / 25.09.2021
49875

«Vatanim uchun qon yig‘layapman, ammo qo‘limdan hech narsa kelmaydi» – Toliblar tufayli mamlakatni tark etgan afg‘on ayol hikoyasi

“Men, Suuma Aslami, Afg‘oniston fuqarosiman. Alisher Navoiy tug‘ilgan shahar – Hirotdanman. Xalqaro tashkilotda ishlardim. Tartibsizliklardan so‘ng turmush o‘rtog‘im bilan Kanadaga bosh olib ketishga majbur bo‘ldik. “Tolibon” mamlakatni egallashi ko‘plab afg‘onlar kabi mening hayotimni ham izdan chiqarib yubordi. To‘g‘ri, Ashraf G‘ani davrida ham zo‘r yashamasdik. Ammo o‘sha payti odamlar kelajagi yorug‘ bo‘lishiga ishonardi. Hozir esa...”

Afg‘oniston men uchun hamma narsani anglatardi

Afg‘onistondagi hayotim yomon emasdi. Kobulda xalqaro tashkilotda yaxshi hamkasblar bilan, sog‘lom muhitda ishlardim. Shu bilan birga, magistraturada ham o‘qiyotgan edim, bitirishimga 2 oy qolgandi. Bundan juda hayajonda edim. Umuman olganda, baxtli inson edim. Har kuni tushlik tanaffusida ofisimiz sport zaliga borardim. Tushdan keyin turmush o‘rtog‘im bilan uyimiz yaqinida qahvaxonaga borib turardik. Dam olish kunlari bir guruh do‘stlarimiz bilan yig‘ilishib, maroqli dam olar edik. 

Meni mamlakatning xavfsizlik holatigina tashvishga solardi, ammo bunga ham ko‘nikib qolgandim. Kobulni yaxshi ko‘rardim. Hech qachon o‘z vatanimni tark etishni xohlamaganman. Ayrim do‘stlarim Afg‘onistonning kelajagi yo‘q, deyishganda jilmayib turib shunday javob qaytarardim: “Kelajakda nima bo‘lishini hech kim bilmaydi!” Afg‘oniston men uchun hamma narsani anglatardi. Vatanimni sevardim.

Bir necha yil ishlaganimdan so‘ng uy sotib oldim va bir necha oy davomida uning dizayni bilan shug‘ullandim. Tez orada yangi uyimga ko‘chib o‘tish rejam bor edi. Toliblar Kobulga kelganidan so‘ng darhol kvartiramga ko‘chib o‘tdim, chunki yetti yil davomida bir joyda yashaganim uchun hamma kimligim, qayerda ishlashimdan xabardor, bu esa xavfli edi. Qo‘rquv ichida kvartiramda bir necha kun yashay oldim, xolos. 

Kobuldan ketgan kunim o‘zimni qanday his qilganimni faqat Alloh biladi. Men ko‘p yillar davomida Vatanim ravnaqi uchun astoydil mehnat qildim. Afg‘onistonning ko‘p viloyatlariga sayohat qildim, turli odamlar va jamoalar bilan uchrashib, ularning umidlari, dardlarini tingladim. Har doim yurtim va xalqimning ahvolini o‘zgartirishni xohlardim. Lekin oxirgi 11 yil davomida qilgan mehnatimni, qurgan hamma narsamni tashlab, ko‘zlarim to‘la yosh va vayron bo‘lgan qalbim bilan Vatanni tark etishga majbur bo‘ldim.

Butun his-tuyg‘ularim, quvonchimni Kobulga tashlab, yangi hayot boshlash uchun Kanadaga keldim. Hayotim bir kun ichida ostin-ustun bo‘ldi: hamma narsamni yo‘qotdim. Balki, bu yerda meni yaxshiroq hayot va kelajak kutayotgandir, lekin ishonchim komilki, Kobulda qolib ketgan tuyg‘ularim boshqa qaytmaydi. Biz hayotimizni buzganlarni hech qachon kechirmaymiz!

Har qayoqqa yugurayotgan odamlar yuzidagi qo‘rquvni hech qachon unutolmasam kerak

Bir oy ichida Afg‘onistonning aksariyat shaharlari, jumladan, Kobul «Tolibon»ga taslim bo‘ldi. Bir necha kun oldin Hirotda va uning atrofida urush bo‘layotganidan juda xavotirda edim, chunki men o‘zim Hirot shahridanman, o‘sha kunlardagi holat meni qattiq xavotirga solar edi. «Tolibon» Hirotni qo‘lga kiritganida, vujudimning bir qismini yo‘qotgandek his qildim.

Ertasi kuni Mozori Sharifga navbat keldi. Bundan qattiq shok holatiga tushdim, bo‘layotgan voqealarni tahlil qilolmaydigan darajaga tushib qoldim. Yarim tunda telefonim jiringladi. Akam qo‘ng‘iroq qilib, Kobulda urush bo‘layotganini aytdi. Tezda elektron pochtam va Facebook’ni tekshirdim, u yerda urush haqida hech qanday ma'lumot yo‘q edi. Aslida, Kobul umuman taslim bo‘lmasligi kerak edi, hech bo‘lmaganda bunchalar qisqa vaqt ichida. 

15 avgust kuni hamkasblarimdan biri menga qo‘ng‘iroq qilib, shaharda tartibsizlik bo‘layotganini, odamlar banklarga shoshilayotganlarini aytdi. Bir necha kundan beri bankdagi jamg‘armalarimni olmoqchi edim, ammo boshqa ishlar bilan bandligim tufayli bunga vaqt ajratolmagandim. Bu gaplarni eshitib, darrov bankka qarab yo‘l oldim. Ko‘cha to‘la odam: hamma qayoqqadir shoshilyapti, yo‘llar tirband. Bankka borish fikrimdan qaytib ofisimizdagi bankomatdan foydalanmoqchi bo‘ldim, afsuski, bankomat ishlamayotgan ekan.

Shunda hamkasblarim bilan birgalikda ofis mashinasida boshqa bankka yo‘l oldik. Tirbandlik shu qadar katta ediki, AQSh elchixonasiga yetib olish uchun ketadigan 15 daqiqalik yo‘lga 2 soat vaqt ketdi. Ko‘chalar har qayerga yugurayotgan, qochayotgan odamlar bilan to‘la edi. Yugurayotgan erkaklar va ayollarning yuzlaridagi qo‘rquvni hech qachon unutolmasam kerak. Bu orada mashinamiz yo‘l o‘rtasida to‘xtab qoldi: odamlar ko‘pligidan joyidan qimirlay olmasdi.

Ashraf G‘ani qochdi: o‘zi bilan butun boshli millatning barcha umid va intilishlarini olib ketdi

Nazarimda, toliblar har onda hujum qilishi mumkindek ko‘rinaverdi, qattiq qo‘rquv va xavotir meni tark etmasdi. Ayniqsa, biz BMTning logotipi tushirilgan mashinada bo‘lganimiz yanada kuchliroq tashvishga solardi. Hamkasbim bilan mashinadan tushib, uyga ketishga qaror qildik. Uyga qaytayotganimda, odamlarning qo‘rquv to‘la qarashlarini, shuningdek, ba'zi odamlarning tashqi ko‘rinishimga (kalta palto va shim) salbiy baho berayotgan qarashlarini ham sezish qiyin emasdi.

Ba'zilar “Tolibon” kelayotgani ijobiy holat ekanligi, hech bo‘lmaganda men kabi ayollar ko‘chaga chiqishiga yo‘l qo‘yilmasligini aytardilar. Uyga yetib kelgunimcha shunaqangi haqoratlarni ko‘p eshitdim. Va shunda yon atrofimda qanchadan qancha “Tolibon” mafkurasi tarafdorlari bilan yashayapman va ular menga o‘xshaganlardan qanchalar nafratlanishini his qildim. 

Uyga yetib kelgach, prezident Ashraf G‘ani mamlakatdan qochgani, toliblar saroyga kirganini eshitib shok holatiga tushdim. Men bir narsani tushunmasdim: qanday qilib ular hech qanday qarshiliklarsiz saroyga kira oldilar? Bu lahzani ta'riflash juda qiyin. Hamma shok holatida edi, guyoki ularning ruhlari tananing ichidagi qamoqda qolib ketgandek tuyilardi. Ikki soat ichida barcha do‘konlar, ta'lim, sog‘liqni saqlash muassasalari, banklar va boshqa tashkilotlar yopildi. U yerlarda hech qanday tirbandlik qolmadi, guyoki barcha odamlar o‘lib ketgandek.

Ashraf G‘ani qochib ketdi: o‘zi bilan butun boshli millatning barcha umid va intilishlarini olib ketdi. U mamlakatni vayron qildi, umidlarimiz bilan birga bizni tiriklayin ko‘mdi. Endi Afg‘oniston yana jaholat va zulmatning girdobiga tushdi.

Vatanni tark etish

“Tolibon”ning kelishi uzoqqa cho‘zilmagani qaysidir ma'noda kutilgan edi, lekin uning bu qadar tezlik bilan hokimiyatni egallashi hammani hayratda qoldirdi. Bir necha oylar davomida oilamga nisbatan tahdidlar bo‘layotgandi, yurtni tashlab ketishni reja qilib yuruvdim, ammo bunchalik tez chiqib ketaman deb o‘ylamagandim.

Kanada vizasi uchun oilaviy ariza topshirgandik. Tolibon Kobulga qirib kelganidan bir necha kun o‘tgach vizamizni oldik. Asosiy muammo Kobul aeroportiga yetib olish edi. Aeroport ichidagi vaziyatni nazorat qilish uchun ko‘p sonli xorijiy xavfsizlik kuchlari Kobulga kirgan bo‘lsa-da, vaziyat nazoratdan chiqib ketdi. Aeroportning shimoliy darvozasiga yetganda, Kobulni tark etish uchun to‘plangan minglab odamlar to‘planib turganini ko‘rdik.

Tashqi va ichki xavfsizlik kuchlari xodimlari Kobul aeroportining shimoliy darvozasini qo‘riqlab, odamlarning kirishiga yo‘l qo‘ymasdilar. Xavfsizlik kuchlari odamlarni tarqatib yuborishga urinib, o‘q otib, ko‘zni yoshlantiruvchi gaz ishlatardilar. Ming qiyinchiliklar bilan darvozaga yaqinlasha oldik, lekin afsuski, odamlar oqimi ko‘pligi tufayli xavfsizlik kuchlari o‘q otishga majbur bo‘ldi. Vaziyat keskin yomonlashgani tufayli hamma bir tarafga qocha boshladi.

Ko‘zni yoshlantiruvchi gaz tufayli qattiq yo‘talib, nafas ololmay qoldim. Biz bilan erimning ota-onasi, qarindoshlari ham bor edi. Men va turmush o‘rtog‘im to‘s-to‘polonda ulardan ajralib qoldik. Ular Baron lagerining darvozasi orqali aeroportga kirishga muvaffaq bo‘lishdi. Biz esa uyga qaytishga majbur bo‘ldik.

Ikki kundan so‘ng yana aeroportga borishga qaror qildik. Hozir harakat qilmasak, mamlakatdan chiqib ketishga boshqa imkoniyat bo‘lmasligini bilardik. Ikkinchi marta aeroportga borganimizda, vaziyat bir necha kun oldingi holatga qaraganda yomonlashgan, odamlar soni esa ko‘paygan edi. Elchixona bizdan aeroportning shimoliy darvozasiga borishni so‘radi, ammo u yer yopiq edi. Darvoza oldida bir kecha qolishga majbur bo‘ldik, ammo u yer baribir ochilmadi.

Ertasi kuni Kanada elchixonasiga yordam so‘rab murojaat qildim. Ular mendan Baron lageriga yetib bora olsam, yordam bera olishlarini aytishdi. Baron lageriga yetib borish oson ish emas edi. Ammo biz, ikkinchi kun yarim tunda Baron lageridagi ABY darvozasiga yetib borib, u yerdan aeroportga kirdik. Ertasi kuni Kanada xavfsizlik kuchlari bizni Kanada bazasiga o‘tkazdi.

Uchinchi kuni esa Kanada harbiy samolyoti bilan Kuvaytga, u yerdan Germaniyaga, keyin esa Kanadaga yetib bordik. Aeroportda sarson bo‘lgan kunlarimni eslash meni dahshatga soladi. Har eslaganimda, o‘zimni yig‘idan to‘xtatolmayman. O‘sha yerda qanchadan qancha ayollar va bolalarning oyoq ostida qolib o‘lganini ko‘rdim. Odamlar shunchalik dahshatga tushgandiki, “Tolibon” qiynog‘i ostida yashamaslik uchun o‘lishga ham tayyor edilar.

Toliblar Afg‘onistonni 100 yil ortga qaytarib qo‘ydi

Toliblarning oldingi olti yillik hukmronligi Afg‘oniston tarixidagi eng qorong‘i davrdir. “Tolibon” huqumati zulmat va jaholat bilan birga Afg‘onistonni yuz yil orqaga surdi. “Tolibon”ning hokimiyat tepasiga kelishi mavzusining o‘zi odamlar uchun dahshatli tush kabi edi. Afg‘onistonda yigirma yil davomida xorij harbiy kuchlarining faoliyat yuritganidan so‘ng bunday bo‘lishini hech kim kutmagandi.

Odamlar kelajakdan, ayniqsa, yosh avloddan umidvor edi. Erkaklar ham, ayollar ham yorug‘ kelajak uchun o‘qib, ishladilar, o‘zlari orzu qilgan mamlakatlarini qurishga harakat qilayotgandilar. “Tolibon”dan keyin kelgan hukumat korrupsiya va samarasizlikka to‘la bo‘lsa-da, odamlar baribir optimistik ruhda edilar.

Afg‘onistonliklar, ayniqsa, yosh avlod uchun “Tolibon” hokimiyat tepasiga qaytganiga ishonish juda qiyin kechdi. Chunki ular endi o‘zlari orzu qilgan kelajakdan mahrum qilingan edilar. “Tolibon” inson huquqlariga, milliy, xalqaro qonunlar va qadriyatlarga ishonmaydi. 20 yil davomida nisbatan tinch va umidli Afg‘onistonda yashaganlar uchun “Tolibon” hukmronligi ostida yashash dahshatga tengdir.

Ashraf G‘ani davrida...

O‘tgan 20 yil davomida Afg‘oniston hukumatida mamlakatni “Tolibon” davridagi inqirozdan olib chiqish uchun ko‘p imkoniyatlar bo‘lgan. Garchi Afg‘oniston so‘nggi 20 yil ichida turli sohalarda katta yutuqlarga erishgan bo‘lsa-da, islohotlar izchil olib borilmagan.

Afg‘onistonga milliardlab dollar oqib kelayotganiga qaramay, hukumatdagi korrupsiya va amaldorlar faoliyatining samarasizligi tufayli, afsuski, aholining turmushi yaxshilanmadi. Oxirgi oyda esa hayoti oylik maoshiga bog‘liq bo‘lgan ko‘plab davlat xizmatchilari, o‘qituvchilar, xavfsizlik xodimlari va boshqalar ishsiz qoldilar. Natijada vaziyat yanada yomonlashdi.

Afg‘oniston hozirda nafaqat siyosiy, balki og‘ir iqtisodiy va gumanitar inqirozga duch kelmoqda. Odamlarning Kobul aeroportiga oqib kelishining asosiy sabablaridan biri nafaqat “Tolibon” olib keladigan qora kunlarda yashashni xohlamagani, balki qashshoqlik va iqtisodiy sharoitning yomonligi ham edi. Odamlar boshqa joylarda yaxshiroq hayot kechirish uchun har qanday yo‘l bilan mamlakatni tark etishni xohlashardi, ammo bu ko‘pchilikning hayotiga zomin bo‘ldi.

Ashraf G‘anining ketishi bozorda dollar narxining keskin ko‘tarilishiga sabab bo‘ldi. Banklarda naqd pul yo‘q, Markaziy bank balansi AQSh tomonidan muzlatilgan, odamlar o‘zlarining bank hisoblariga kira olmasdi. Chegara yopilishi bozorda zarur mahsulotlar taqchilligiga sabab bo‘ldi, narxlar keskin ko‘tarilib ketdi. Odamlar omon qolish uchun o‘z mulklarini sota boshlashdi.

Xotin-qizlar huquqi batamom rad etildi

“Tolibon”ning va'dalari va ularning qilgan ishlari hamisha bir-biridan farq qilgan. Ular hukumatga kelganidan so‘ng ayollarga ta'lim muassasalariga borish, o‘z ishi va burchini bajarishga taqiq qo‘ydi. Ayollar mahramsiz ko‘chaga chiqishi yoki sayohat qilishi cheklandi.

Bundan tashqari, majburiy nikoh, ayollarni zo‘rlash kabi holatlar, mamlakatning turli hududlarida eng ko‘p uchraydigan ayollar huquqlari buzilishlaridan biri bo‘lib, ularning hech biri Islom shariati qoidalariga to‘g‘ri kelmaydi. Ushbu masalalar yuzasidan “Tolibon” qanday izoh berishi bizga qorong‘i. Ular qaysi turdagi Islom va Shariat qoidalaridan bahs etayotganlari ham tushunarsiz. Zero, “Tolibon” qilayotgan ishlar bu tamoyillarga mutlaqo zid deb hisoblayman.

Afg‘oniston ayollarining kelajagi noma'lum va afsuski oxirgi 20 yil ichida erishilgan barcha yutuqlar yo‘qqa chiqmoqda. Afg‘on ayoli sifatida toliblar yog‘dirgan qora kunlarni eslar ekanman, so‘nggi 20 yil ichida inson sifatida o‘z huquqlarining bir qismini qo‘lga kirita olgan ayollar va qizlarning ahvolidan juda xavotirdaman. Afg‘on ayollarining kelajagi juda majhul va umidsiz ko‘rinmoqda.

“Tolibon”ga insoniyatning barcha qonun-qoidalari va qadriyatlariga amal qilmaguncha siyosiy qonuniylikni bermaslik kerak deb hisoblayman

Bugun Afg‘oniston va uning xalqi har qachongidan ham xalqaro hamjamiyat ko‘magiga muhtoj. 20 yil davomida mamlakatda olib borilgan noto‘g‘ri siyosat va hukumatda keng tarqalgan korrupsiya vatanimni shu holatga olib keldi. Xorij davlatlari sarflagan milliardlab dollarlar, qurbonliklar hech qanday foyda bermadi. Ammo jafokash afg‘on xalqi, ayniqsa, har doim qurbon bo‘lgan ayollar va bolalar mamlakatimizni vayron qilganlarning xatosi evaziga haq to‘lamasligi kerak.

Xalqaro hamjamiyat “Tolibon”ning xalqaro me'yorlarga amal qilishi, xususan, ayollar huquqlarini to‘liq ta'minlashi uchun bosim o‘tkazishi zarur. Aksincha holatda esa “Tolibon” hukumati xalqaro doirada tan olinmasligi kerak. Jahon hamjamiyati “Tolibon”ga insoniyatning barcha qonun-qoidalari va qadriyatlariga amal qilmaguncha siyosiy qonuniylikni bermasligi kerak deb hisoblayman.

Men qochib ketdim, men qo‘rqdim

Vatanimni rivojlantirish uchun minglab rejalarim, istaklarim bor edi. Bir kun kelib Afg‘onistonni tark etaman deb sira o‘ylamagan edim. Afsuski eng qiyin sharoitda vatanimni, xalqimni tashlab ketishga majbur bo‘ldim. Endi esa vatandoshlarim baxsizligini uzoqdan turib kuzatishga mahkumman.

Afg‘oniston haqidagi yangiliklarni o‘qiganimda, o‘sha lahzada minglab parchalarga bo‘linayotgandek his qilaman.

Ba'zida o‘zimni qo‘rqoqdek his qilaman, chunki men qochib ketdim (garchi bundan boshqa ilojim bo‘lmagan bo‘lsa ham), men qo‘rqdim. Vijdon azobidan qiynalaman. Chunki men tinch mamlakatdaman, vatandoshlarim esa azob chekmoqda.

Yuragim xalqim va Vatanim uchun qon yig‘lamoqda, qo‘limdan esa hech narsa kelmaydi. Ichimdan nimalar o‘tayotganini, nimalarni his qilayotganimni faqat Alloh va men bilaman. Yagona orzuim – bir mo‘jiza sodir bo‘lib, vaziyatning o‘zgarishi va bu dahshatning yakun topishi.

TDYuU katta o‘qituvchisi, yuridik fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Kamola Aliyeva suhbatlashdi.

Top