12:34 / 26.09.2021
2257

Koson tumanida tibbiy muassasalar rahbarlari va maktab direktorlari majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik masalasida ogohlantirildi

Asrol Boykarayev / Foto: Koson tumani hokimligi axborot xizmati

Qashqadaryo viloyati Koson tumanida majburiy mehnatning oldini olish bo‘yicha tibbiy muassasalar rahbarlari va maktab direktorlari ogohlantirilgan. Bu haqda tuman hokimligi axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, joriy yil 24 sentabr kuni Koson tuman hokimligida maktablar va tibbiy muassasalarda majburiy mehnatning oldini olish bo‘yicha yig‘ilish tashkil etilgan. Unda Koson tumani hokimi Asrol Boykarayev va tuman prokurori Faxriddin Jovliyev, shuningdek tuman xalq ta'limi bo‘limi va tuman tibbiyot birlashmasi rahbarlari, maktab direktori hamda boshqa mutasaddilar qatnashgan.

Yig‘ilishda tuman hokimi va prokurori tomonidan maktab direktorlari va shifoxonalar bosh vrachlari majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik masalasida yana bir bor ogohlantirilgan. Ayniqsa maktab direktorlariga O‘zbekiston qonunlariga ko‘ra o‘qituvchilarni va o‘quvchilarni majburiy mehnatga jalb qilish qonun bilan taqiqlanishi, bu ishga yo‘l qo‘yganlar keskin jazolanishi eslatib o‘tilgan.

Tuman hokimi ayniqsa paxta terimi mavsumida majburiy mehnatga yo‘l qo‘yilmasligi kerakligini aytib, hosil terimchilar tomonidan terib olinayotgani haqida gapirgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil avgust oyida Koson tuman hokimining yoshlar bo‘yicha o‘rinbosari buyrug‘i bilan o‘qituvchilar tumanda joylashgan saylov uchastkalarini bezatish ishlariga jalb qilingani haqida xabarlar tarqalgandi. Tuman hokimligi munosabat bildirib, saylov uchastkalarini bezatish tuman hokimining yoshlar bo‘yicha o‘rinbosari vazifasiga kirmasligini ma'lum qilgandi.

Top