09:19 / 26.09.2021
15991

Revansh kayfiyatidagi O‘zbekiston futzal milliy jamoasi Toshkentga qaytib keldi

O‘z tarixida ikkinchi marta jahon chempionatida qatnashib, ilk bor pley-offda o‘ynagan O‘zbekiston futzal milliy jamoasi Toshkentga qaytdi.

Futzalchilar oila a'zolari, muxlislar va OAV vakillari tomonidan olqishlar bilan kutib olindi.

Milliy jamoa o‘yinchilari Kun.uz'ga bergan intervyularida mundial taassurotlari bilan o‘rtoqlashishdi.

Tajribali futzalchi Dilshod Rahmatov muxlislarning qo‘llab-quvvatlashidan ta'sirlangani haqida gapirdi: «Har bir o‘yinga finaldek munosabatda bo‘ldik. Xatolarimiz bor, kamchiliklar ustida ishlaymiz. Futzalimiz darajasi Erondan qolishmasligini isbotlashga urindik.

Albatta, raqiblar biz haqimizda iliq so‘zlar aytishdi. Ammo bizni ularning emas, muxlislarning maqtovi ko‘proq ta'sirlantirdi».

Turnirda 4ta gol urib, jamoa to‘purariga aylangan Ixtiyor Ropiyev eng og‘ir o‘yin Misr (2:1) bilan o‘tganini ta'kidladi: «Misr bilan bahs eng og‘iri bo‘ldi. Chunki bizga faqat g‘alaba kerak edi. So‘nggi 7 daqiqagacha juda qiynaldik.

Albatta, skautlar bizning o‘yinchilarga ham qiziqish bildirishdi. Buning natijasini tez orada bilib olamiz. Lekin bizdagi muammo — agentlar yo‘qligi».

Jamoaning yosh va iqtidorli a'zolaridan biri Husniddin Nishonov yigitlar Erondan revansh olish kayfiyatida ekanliklarini aytdi: «Forslar bilan o‘yindan qoniqdik, lekin biroz omad va sovuqqonlik yetishmadi. Yaqinda Osiyo chempionati bor. Xudo xohlasa, Erondan revansh olamiz.

Legioner bo‘lish — har bir futzalchining orzusi. Nasib qilsa, bizning o‘yinchilar ham tez orada xorij jamoalarida o‘ynashadi».

Darvozabon Ravshan Eliboyev: «Taassurotlar? Ta'riflashga til ojiz. Muxlislarga minnatdorchilik bildirmoqchiman.

Barcha o‘yinlarda bor kuchimizni berdik. Tajribasizlik tufayli xatolar ham bo‘ldi. Lekin yigitlar oxirigacha jang qilishdi. Bu yog‘iga ham to‘xtab qolmaymiz».

Muxlislar yetakchisi Abdurahmon Fozilov jamoani arenadan turib qo‘llab-quvvatlaganlarga minnatdorchilik bildirdi: «Musobaqa oldidan Litva va qo‘shni mamlakatlardagi muxlislarni birlashishga chaqirgandik. Har bir o‘yinga 350 km uzoqlikdan kelganlar bo‘ldi. Shvetsiya va Estoniyadan ham muxlislar keldi. Hammalariga rahmat.

Eronga rasmiy o‘yinlarda 8ta golni so‘nggi bor 1996 yili Braziliya urgan ekan. Statistikadan ko‘rinib turibdiki, kuchlilar darajasiga yaqinlashyapmiz. Yigitlar Kuvaytda o‘tadigan qit'a chempionati finalida Eronni mag‘lub etishmoqchi».

AL7o7Ro45nohScL3qbNofpM7avtvQB.jpg (869×581)

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Litvada o‘tgan jahon chempionatida guruhda Gvatemala (4:5) va Rossiyaga (2:4) yutqazib, Misrni (2:1) mag‘lub etdi. 1/8 finalda esa «Osiyo Braziliyasi» Eron bilan (8:9) tengma-teng kurash olib bordi.

A'zamjon Izzatillayev, Tribuna.uz muxbiri
Tasvirchi va montaj ustasi – Abduqodir To‘lqinov

Mavzuga oid
Top