12:58 / 27.09.2021
91602
Afg‘oniston chegarasida bir askarimiz halok bo‘ldi, u Namangan farzandi edi – Prezident

Namanganda saylovchilar bilan uchrashuv chog‘ida Shavkat Mirziyoyev Afg‘oniston bilan chegaradagi vaziyat bo‘yicha ham to‘xtalib o‘tdi.

“Afg‘onistondagi holat hammamizga saboq bo‘lishi kerak. Chegaradagi vaziyat har kuni diqqat markazimizda. Hech kimga sarhadlarimizga daxl qilishga yo‘l qo‘ymaymiz. Chunki O‘zbekistonda qonun ustuvor, jazo muqarrar.

Kuni kecha ham davlatimiz chegarasini buzib o‘tishga urinish bo‘ldi. Bir narkobaron harakat qildi. Lekin biz daxlsizlik masalasida pozitsiyamiz qat'iy, kerak bo‘lsa, chegaramizni himoya qilish uchun qurol ishlatamiz. 

Kechagi vaziyatda ham o‘z vazifasini sharaf bilan bajargan bir askarimiz qahramonlarcha halok bo‘ldi. U shu yurt farzandi – namanganlik edi”, – dedi Shavkat Mirziyoyev yig‘ilganlarga qarata.

Avvalroq, Shavkat Mirziyoyev Afg‘oniston bo‘yicha hamkorlikning asosiy jihatlarini ma'lum qilgandi.

Qayd etilishicha, Afg‘onistonda yangi hokimiyat oldida jamiyatni jipslashtirishdan tortib barcha etnosiyosiy guruhlarni o‘z ichiga olgan layoqatli hukumatni shakllantirishgacha bosib o‘tilishi kerak bo‘lgan murakkab yo‘l turibdi. 

“Afg‘onistondagi barchamizni tashvishlantirayotgan vaziyat meni ham xavotirga solmoqda. Haqiqatdan ham, bugun ushbu mamlakatda mutlaqo yangi voqelik qaror topdi – juda qisqa vaqtda “Tolibon” harakati deyarli butun hokimiyatni o‘z qo‘lida jamladi. Yangi hokimiyat oldida jamiyatni jipslashtirishdan tortib barcha etnosiyosiy guruhlarni o‘z ichiga olgan layoqatli hukumatni shakllantirishgacha bosib o‘tilishi kerak bo‘lgan murakkab yo‘l turibdi. Mohiyatan, vaziyatni barqarorlashtirish istiqbollari, afg‘on davlatchiligining tiklanishi va, umuman, xalqaro hamjamiyat bilan Afg‘oniston o‘rtasidagi hamkorlikning rivojlanishi shunga bog‘liq bo‘ladi”, dedi O‘zbekiston prezidenti “Shanxay hamkorlik tashkiloti – Kollektiv xavfsizlik to‘g‘risidagi shartnoma tashkiloti” formatidagi uchrashuvdagi nutqida.

Bildirilishicha, hozirgi sharoitda mamlakat fuqarolik urushi va gumanitar inqiroz domida qolib ketgan, xalqaro hamjamiyatdan yakkalanib qolgan, uning hududi esa xalqaro terrorchilik va narkotiklar ishlab chiqarish “xabi”ga aylangan davr - to‘qsoninchi yillardagi holatiga yana qaytib qolmasligiga qat'iy kafolatlar yo‘q.

Top