09:50 / 27.09.2021
2704

Kitobdagi maktab ta'miri uchun o‘qituvchilar va ota-onalardan pul yig‘ilgani aytildi

Ijtimoiy tarmoqlarda Kitob tumanidagi «Surum» MFYda joylashgan 85-umumiy o‘rta ta'lim maktabi o‘qituvchisi tomonidan maktab ta'miri uchun o‘qituvchilar va ota-onalardan noqonuniy pul yig‘ilgani haqida xabarlar tarqaldi. Holat bo‘yicha tuman hokimligi axborot xizmati munosabat bildirdi.

Munosabatda yozilishicha, joriy yil 26 sentabr kuni 85-maktabda Qonunchilik palatasi deputati Q.Ergashev, Kitob tumani hokimi A.Zokirov, tuman XTB mudiri A.Avlayev, maktab jamoasi, ota-onalar kuzatuv kengashi, qishloq nuroniylari va erkin blogerlar ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tgan. Unda haqiqiy holat bilan tanishish maqsadida tomonlar fikrlari, jumladan murojaat qilgan o‘qituvchining ham fikrlari tinglangan.

Suhbat davomida maktab ta'miri uchun o‘qituvchilar va ota-onalardan hech qanday majburiy pul yig‘ilmagani, maktab ma'muriyati va tuman XTBning murojaatchiga umuman adovati yo‘qligi ma'lum qilingan. Yig‘ilish so‘ngida qishloq oqsoqollari, maktab jamoasi ham so‘z olib, ijtimoiy tarmoqlarda xabar qoldirgan o‘qituvchining qilgan ishidan qattiq noroziligini bildirib o‘tishgan.

Shundan so‘ng, bundan buyon o‘qituvchi biror masalani ijtimoiy tarmoqqa olib chiqish uchun avval tuman hokimligiga murojaat qilishi, agar shunda ham uning masalasi e'tiborsiz qoldirilsa, shundagina ommaga olib chiqishi bildirib o‘tilgan.

Top