13:58 / 27.09.2021
5605
Namangan shahrida qanday qurilishlar rejalashtirilayotgani ma'lum qilindi

Namangan shahri – aholisining soni million kishidan iborat shaharga aylanadi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev saylovchilar bilan uchrashuvda ma'lum qildi.

Foto: namangan.uz

“Buning uchun Yuksalish massivida 30 ming oila uchun 330 ta ko‘p qavatli uylar, maktab, bog‘cha, shifoxona, kichik sanoat zonalari, xizmat ko‘rsatish obektlarini qamrab olgan “Yangi Namangan” shaharchasi bunyod etiladi. Shaharchada 95 gektar maydonda “Yangi O‘zbekiston bog‘i” barpo qilinadi. Namangan shahri markazida barcha qulayliklarga ega Xalqaro ishbilarmonlik markazi quriladi. 

Bundan tashqari, viloyatda kelgusi besh yilda jami 16 ming xonadonli 700 ta ko‘p qavatli uylar quriladi. Bu – oldingi yillarga nisbatan 1,9 barobar ko‘p, degani.

Namangan shahrida 360 ta ko‘p qavatli uylar va 16 ta ijtimoiy soha obektlarining issiqlik tizimini modernizatsiya qilishga 15 million dollar yo‘naltiriladi. 

Namangan shahridagi avtomobil qatnovi tirband bo‘lgan 5 ta ko‘chalarda yo‘l o‘tkazgichlar quriladi.

Kelgusi besh yilda viloyatda markazlashgan ichimlik suvi bilan ta'minlash darajasi 63 foizdan 85 foizga yetkaziladi. 

Ayniqsa, 250 million dollarlik loyihani amalga oshirish hisobiga, Namangan shahri, Mingbuloq, Namangan, Pop, Chortoq va Chust tumanlarining 123 ta mahallasida yashovchi 360 ming nafar aholiga ilk bor markazlashgan ichimlik suvi yetib boradi.

Buning uchun, 850 kilometr ichimlik suvi va 60 kilometr kanalizatsiya tarmog‘i, 30 ta suv inshooti hamda 3 ta oqova suv inshooti barpo etiladi. “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida tizimli ishlar davom ettiriladi.

Kuni kecha sharoiti eng og‘ir bo‘lgan 26 ta mahallalarning har biriga obodonchilik, yo‘l, elektr va suv tarmoqlarini ta'mirlash uchun, budjetdan 3,5 milliard so‘mdan mablag‘ ajratildi. Kelgusi yilda yana 28 ta ahvoli og‘ir mahallaga zarur mablag‘lar beriladi”, dedi amaldagi prezident.

Top