16:53 / 27.09.2021
1106
Ombudsman Xorazm viloyatida qiynoqqa solish holatlarini o‘rgandi

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova boshchiligidagi jamoatchilik guruhi Xorazm viloyatida qiynoqqa solish holatlarini o‘rganish maqsadida monitoring o‘tkazdi.  

23–25 sentabr kunlari o‘tkazilgan o‘rganish jarayonida harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan yopiq muassasalar ko‘zdan kechirildi.

Dastlab Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti 6-mintaqaviy hududdagi 11-sonli tergov hibsxonasi ko‘zdan kechirildi. Ushbu hibsxona 300 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, hozirgi kunda 192 mahbus saqlanmoqda, ularning 9 nafari ayollardir. Mahbuslar hibsxonada xodimlar yaxshi muomala qilayotgani, ovqatlanish va yashash sharoitlariga e'tiroz yo‘qligini bildirishdi. 

Hibsxonada sayrgoh hovlisi borligi va mahbuslar har kuni 1 soat davomida sayr qilayotgani, tibbiyot punktidagi tibbiy xodimlar, jihozlar va dori vositalari yetarli ekani ma'lum bo‘ldi. COVID-19 infeksiyasi bilan kasallangan 2 bemor alohida joylashtirilgan holda davolanayotgani aniqlandi. Mahbuslar hibsxonaga joylashtirishdan oldin koronavirusga test topshirishi, kasallik aniqlangan bemorlar alohida xonalarga joylashtirilishi, muassasa xodimlari 100 foiz emlangani ma'lum bo‘ldi.

Monitoring davomida hibsxona kutubxonasini so‘nggi yillarda qonunchilik normalariga kiritilgan yangiliklarni o‘zida jamlagan huquqiy adabiyotlar bilan boyitish tavsiya etildi.  

Shundan so‘ng, guruh a'zolari Xorazm viloyati IIB Ma'muriy qamoqqa olingan shaxslarni saqlash uchun mo‘ljallangan maxsus qabulxonasini ko‘zdan kechirishdi. 60 o‘rinli qabulxonada 36 mahkum saqlanayotgani, ularning aksariyati avtomobilni mast holda boshqargan yoki alimentni o‘z vaqtida to‘lamasdan 15 sutkalik qamoq jazosiga hukm qilingan shaxslar ekani ma'lum bo‘ldi.

Shuningdek, guruh a'zolari Muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni reabilitatsiya qilish markazida ham monitoring o‘tkazishdi. Shu yilning sentabr oyida foydalanishga topshirilgan zamonaviy, barcha zarur texnika va jihozlarga ega bo‘lgan markazga shaxsi aniqlanmagan fuqarolar keltirilib, shaxsi aniqlanguniga qadar ularga tibbiy yordam ko‘rsatiladi, yashashi, sport bilan shug‘ullanishi va ovqatlanishi uchun zarur sharoitlar yaratiladi. Keyinchalik esa o‘z oilasi va yaqinlariga topshiriladi.

Keyingi manzil viloyat Ruhiy asab kasalliklari shifoxonasi bo‘ldi. Unda davolanayotgan bemorlarga yaratilgan sharoitlar, ularning dori-darmon vositalari bilan ta'minlanishi, ovqatlanishi va muolajalarning o‘tkazilishi bilan bog‘liq holatlar batafsil o‘rganildi.

Guruh a'zolari Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Xorazm viloyat filialida ham bo‘lishdi. Markazda ixtiyoriy va majburiy ravishda davolanayotgan fuqarolar uchun yaratilgan sharoitlar o‘rganilib, aniqlangan kamchiliklar yuzasidan taklif hamda tavsiyalar berildi. Markazning bemorlarga taom tayyorlash bo‘yicha autsorsing korxonasi bilan tuzilgan shartnomasi o‘rganilib, ushbu korxonaning faoliyati yaxshi yo‘lga qo‘yilmagani, xususan, shifoxonada haftalik taomnomaga rioya etilmaslik, ovqatlarning ozuqaviy qiymati belgilangan talablarga javob bermaslik holatlari aniqlandi. 

Monitoring davomida jinoyat sudlaridagi sudlanuvchilarni vaqtincha saqlash xonalari ham ko‘zdan kechirildi, deb xabar berdi Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) matbuot xizmati.

Top