23:25 / 28.09.2021
8671

AQShda 5 nafar jurnalistning qotili 6 ta umrbod qamoq jazosi oldi

AQShning Merilend shtati sudi 2018 yilda 5 nafar jurnalistni otib o‘ldirgan Jyerrod Ramosni 6 ta umrbod qamoq jazosiga mahkum etdi.

Qotillik 2018 yil 28 iyunda Capital Gazette nashri tahririyatida yuz bergan. Ramos uning jinoiy o‘tmishi haqida maqolalar yozgan nashr xodimlari bilan bir necha yil davomida sudlashgan. U o‘sha kuni gazeta tahririyatiga kelib, miltiqdan jurnalistlarni o‘qqa tutgan.

Oqibatda 5 jurnalist halok bo‘lgan, yana bir necha kishi jarohat olgan. Jinoyatchi voqea joyida qo‘lga olingan va qamoqqa jo‘natilgan.

2019 yilda Ramos o‘zini barcha 23 ta ayblov bandi bo‘yicha aybdor deb topgan, biroq ushbu qotillik uchun javobgar bo‘la olmasligini aytgan. Biroq hukm chiqaruvchilar sudi 2021 yil yozida Ramosni o‘z qilmishi uchun javob bera oladigan darajada shuurli deb topgan.

“Sudlanuvchi muddatidan oldin shartli ozod bo‘lish huquqisiz 5 ta umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi. U, shuningdek, yana bitta umrbod va 345 yillik qamoq jazosi oldi”, deb ma'lum qilingan prokuraturada.  

Mavzuga oid
Top