21:35 / 28.09.2021
2990
Facebook bolalar uchun Instagram ilovasini yaratishni to‘xtatdi

Loyihani ishlab chiqish ijtimoiy tarmoq o‘smir qizlar uchun zararli ekanligi haqidagi surishtiruvdan so‘ng «muzlatib» qo‘yilgan.

Foto: Getty Images

Loyiha 13 yoshgacha bo‘lgan foydalanuvchilar uchun yaratilayotgan edi. IT-gigantning ma'lum qilishicha, loyiha ustida ish davom ettiriladi, biroq kompaniya avval ota-onalar, siyosatdonlar va nazorat qiluvchi organlarga bu mahsulotning qimmati va zarurligini tushuntirishga urinib ko‘radi.

Kompaniya Wall Street Journal surishtiruvidan keyin Instagram Kids’ni ishlab chiqishni to‘xtatdi. Nashrning maqolasida Instagram o‘smir qizlarni o‘z joniga qasd qilish va depressiv fikrlarga undashi haqida gap boradi.

Wall Street Journal Facebook o‘zining shu'ba ijtimoiy tarmog‘i o‘smirlarga salbiy ta'sir ko‘rsatishi haqida yaxshi xabardor bo‘lganini qayd etgan. Nashr, shuningdek, kompaniya bu muammolarni hal qilish uchun minimal sa'y-harakat qilayotganini ta'kidlagan.

Facebook’dagilar WSJ ichki tadqiqotlar ma'lumotlarini noaniq talqin qilayotganini aytishmoqda. Kompaniya vakillari muammo chindan mavjudligi, ularni yechish uchun kompleks yondashuv kerakligini ham tan olishgan.

Bu Facebook ishtirokidagi birinchi mojaro emas. Aniqlanishicha, kompaniya millionlab akkauntlarga ijtimoiy tarmoq qoidalariga rioya qilmaslikka ruxsat berib keladi. IT-gigant mashhurlar va VIP-shaxslar kiritilgan «oq ro‘yxat»ni yaratgan. Uni ularga istisno beruvchi maxsus tizim monitoring qiladi. Masalan, 2019 yilda braziliyalik futbolchi Neymar o‘zini nomusga tegishda ayblagan ayolning yalong‘och fotosuratlarini e'lon qilgandi.

Mavzuga oid
Top