23:47 / 28.09.2021
9039
Ozarboyjon prezidenti Qorabog‘dagi armanlarga muxtoriyat berilmasligini aytdi 

Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev Tog‘li Qorabog‘da yashovchi armanlarga muxtoriyat berilishi mumkinligini istisno etdi. Uning aytishicha, ushbu masala Bokuning kun tartibiga kirmaydi.  

“Biz o‘z vaqtida Ozarboyjonda yashovchi armanlarga o‘zini boshqarishning muayyan darajasini berishga tayyor bo‘lganmiz. Biroq armanlar buni hamisha rad etishgan. Ular har doim: “Yo‘q, faqat mustaqillik”, deyishardi. Hozir ixtilof yakunlangandan keyin muxtoriyat haqida gapirishmoqda. Biroq bu bizning kun tartibimizga kirmaydi. Bugungi kunda rossiyalik tinchlikparvar kuchlar javobgarligi hududida yashovchi armanlar mamlakatimizda yashovchi boshqa milliy guruhlar kabi Ozarboyjon fuqarolari hisoblanadi”, deb aytgan Aliyev France 24 telekanaliga bergan intervyusida. 

Ozarboyjon prezidentining ta'kidlashicha, bu masala endilikda muhokama uchun mavzu hisoblanmaydi. Uning aytishicha, Tog‘li Qorabog‘ ixtilofi hal qilinmagani haqidagi har qanday bayonot “nomaqbul va xavfli” hisoblanadi. “Ixtilof hal bo‘lmaganini aytayotganlar unda u qanday hal qilinishi kerakligini ko‘rsatsinlar. Ular “Tog‘li Qorabog‘” deganda nimani nazarda tutishadi? Qanday doirada, qanday hududda, qanday shaklda? Bu savollarga javob berilishiga ishora ham yo‘q. Shu sababli ixtilof hal bo‘lmagan deyish xavfli va samarasiz. Bu uni hal qilish uchun boshqa dushmanona ko‘rinishdagi harakatlar zarurligini anglatadi”, deb ta'kidlab o‘tgan Aliyev.

Boku va Yerevan 1988 yil fevraldan beri Tog‘li Qorabog‘ning mansubligi borasida bahslashib keladi. O‘shanda Tog‘li Qorabog‘ Ozarboyjon SSR tarkibidan chiqishini e'lon qilgan. 1992–1994 yillardagi qurolli ixtilof vaqtida Boku Qorabog‘ va unga yondosh tumanlar ustidan nazoratni yo‘qotgan.

2020 yil 27 sentyabrda Tog‘li Qorabog‘ atrofidagi vaziyat yana keskinlashib, hududda Armaniston va Ozarboyjon qurolli kuchlari o‘rtasida jangovar to‘qnashuvlar boshlangan. 9 noyabrda Rossiya, Ozarboyjon va Armaniston rahbarlari tomonidan Tog‘li Qorabog‘da jangovar harakatlarni to‘xtatish bo‘yicha uch tomonlama bayonot imzolangan. Unga ko‘ra, Ozarboyjon va Armaniston qurolli kuchlari egallagan pozitsiyalarida qolgan, bir qator hududlar Bokuga o‘tgan, ikki tomon tutashuv chizig‘ida va Armanistonni Tog‘li Qorabog‘ bilan bog‘lovchi Lochin yo‘lagida rossiyalik tinchlikparvar kuchlar joylashtirilgan.

Mavzuga oid
Top