13:16 / 28.09.2021
6720

Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona viloyatida 8 mlrd dollarlik investitsiya loyihalari amalga oshirilishini ma'lum qildi

Farg‘ona viloyatida kelgusi besh yilda 8 milliard dollarlik 11 mingdan ziyod investitsiya loyihalari amalga oshiriladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev ma'lum qildi.

“Bunda, sanoat yo‘nalishida qiymati 5,7 milliard dollarlik 2 ming 600 dan ziyod loyihalar hisobiga 115 mingta yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Bu borada, eng avvalo, investitsiyalardan samarali foydalanish hamda eksport hajmlarini oshirish bo‘yicha “pastdan-yuqoriga” tamoyili asosida yangi tizim yo‘lga qo‘yiladi.

Har bir tumanda istiqbolli loyihalarni ishlab chiquvchi “Loyiha guruhi”  hamda To‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi ishtirokidagi  “Holding kompaniya” tashkil etiladi. Masalan, kuni-kecha Farg‘ona shahrida birinchi bunday holding kompaniya faoliyatini boshladi.

Viloyatning har bir tumani sanoat tarmoqlariga ixtisoslashtiriladi. Xususan, O‘zbekiston tumanida – qurilish materiallari, Qo‘shtepada – to‘qimachilik, Uchko‘prikda – elektrotexnika, Qo‘qonda – charm-poyabzal, Farg‘ona tumanida – oziq-ovqat, Bog‘dodda – mebel va qog‘oz sanoati, Buvaydada – temirchilik, Farg‘ona shahrida – neft-kimyo sanoati keskin rivojlantiriladi.

Har bir tumanning salohiyatidan kelib chiqib, yetakchi tarmoqlarga ixtisoslashgan sanoat zonalari va kasbga o‘qitish markazlari negizida  sanoat maktablari tashkil etiladi. 

Viloyatning lokomotiv sohasi hisoblangan neft va kimyo sanoatida jami 1,5 milliard dollarlik investitsiyalar hisobiga 93 ta loyiha amalga oshirilib, 3 mingta yangi ish o‘rinlari tashkil etiladi.

“Farg‘ona azot”da qiymati 571 million dollarlik 4 ta yirik loyihani o‘z ichiga oluvchi “kimyo klasteri” tashkil etilishi natijasida yiliga 150 million dollarlik import o‘rnini bosuvchi va 180 million dollarlik eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yiladi.

Yana bir “drayver” – to‘qimachilik sanoatida besh yilda 1,1 milliard dollarlik investitsiyalar o‘zlashtirilib, Qo‘shtepa, Toshloq, Qo‘qon, Farg‘ona va Beshariq tumanlarida 1 ming 127 ta loyihalar ishga tushiriladi va 45 mingta yangi ish o‘rinlari yaratiladi”, dedi prezidentlikka nomzod.

Top