12:01 / 28.09.2021
4787
Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona viloyatidagi muammolarni ma'lum qildi

Farg‘ona aholisi azaldan mehnatsevar va tadbirkor, ularga faqat shart-sharoit yaratib berish, buning uchun har bir mahallani zarur infratuzilma bilan ta'minlash lozim. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev ma'lum qildi.

“Bu borada hal qilishimiz zarur bo‘lgan qator masalalar mavjud. Bugungi kunda, Farg‘onadagi eng dolzarb masala – aholi uchun munosib turmush sharoiti yaratish hisoblanadi. 

Viloyat aholisi soni va uning o‘sish sur'ati bo‘yicha mamlakatimizda eng yuqori o‘rinlarni egallaydi - aholi soni 3 million 850 ming nafar. Shu bois, bugungi kunda 20 mingga yaqin oila uy-joyga muhtoj. Har yili 30 mingdan ziyod yangi oilalar tashkil bo‘lishi ham uy-joyga bo‘lgan talabni oshirmoqda.

So‘x, Oltiariq, Toshloq, Quvada ichimlik suvi ta'minoti darajasi 50 foizdan past. Shu kabi, Rishton, Beshariq, Qo‘shtepa, Yozyovon, O‘zbekiston tumanlarida ham ahvol yaxshi emas.

Viloyatda kanalizatsiya va issiqlik ta'minoti tizimlari yetarli rivojlanmagan. Farg‘ona, Qo‘qon, Marg‘ilon va Quvasoy shaharlarining markazlashgan issiqlik ta'minoti tizimi ko‘plab yillar mablag‘ ajratilmagani oqibatida izdan chiqqan.

Shuningdek, 9 ming kilometr ichki yo‘llar ta'mirtalab ahvolda. So‘nggi besh yilda viloyatda elektr energiyasi iste'moli 1,3 barobarga oshgani bois, elektr tarmoqlari, transformator va podstansiyalarning 40 foizi ta'mirga muhtoj.

Ayni paytda, aholining 1 million nafarida turli xil surunkali kasalliklar mavjud (respublika hududlari orasida 1-o‘rin). Bu juda katta salbiy ko‘rsatkich. Shundan, fuqarolarimizning 335 ming nafarida –kamqonlik, 222 ming yurak-qon tomir, 125 ming – endokrin, 54 ming – nafas yo‘llari, 50 ming – oshqozon-ichak surunkali kasalliklari borligi aniqlangan.

Bundan tashqari, 236 ta maktabning yuklamasi quvvatlaridan ancha yuqori. Kelgusi besh yilda o‘quvchilar soni 62 mingtaga ko‘payishi ushbu masalaning qanchalik dolzarbligini ko‘rsatadi.

Yana bir muhim masala – viloyatda 160 mingdan ziyod aholi ishsiz bo‘lib, har yili mehnat bozoriga qo‘shimcha 50 ming nafar yoshlar kirib kelmoqda. 110 ming oila doimiy daromad manbaiga ega emas”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mavzu
Saylov-2021
Saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra saylovlar oktyabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkazilishi belgilandi. 2021 yilgi prezidentlik saylovi 24 oktyabrga to‘g‘ri kelmoqda.
Barchasi
Top