09:47 / 28.09.2021
3809
Xitoy Huawei moliyaviy direktori ozod qilingandan keyin 2 amerikalikni qo‘yib yubordi

AQSh fuqarolari, 2018 yildan beri Xitoyni tark eta olmagan aka-singil Viktor va Sintiya Lyu 26 sentyabrda AQShga qaytdilar. Ular Kanadada hibsda ushlab turilgan Huawei moliyaviy direktori Men Vanchjou ozod qilingandan keyin qo‘yib yuborildi.

Viktor va Sintiya Lyu Xitoy kommunikatsiyalar bankining sobiq rahbarlaridan biri Chanmin Lyuning farzandlari hisoblanadi. Ularga Xitoyda hech qanday ayblov qo‘yilmagan, ular mamlakat bo‘ylab harakatlana olishgan, biroq taqiqlov sababli Xitoyni tark eta olishmagan. AQSh davlat departamenti vakili amerikaliklarning uylariga qaytarilganini qutlagan va bu AQShning Shanhaydagi bosh konsulxonasi yordami bilan amalga oshganini ta'kidlab o‘tgan.   

Men Vanchjou Kanadaning Vankuver shahrida 3 yilga yaqin uy qamog‘ida saqlangan. U 2018 yilda AQSh so‘rovi bilan hibsga olingan. Huawei moliyaviy direktoriga Xitoyga qarshi sanksiyalarni buzish bilan bog‘liq ayblovlar qo‘yilgan. O‘tgan hafta Kanada sudi Men Vanchjouning AQShga ekstraditsiya qilinishini to‘xtatishga qaror qilgan va u 25 sentyabrda Xitoyga qaytgan.

Top