09:19 / 29.09.2021
14309

100 yoshli ona va 82 yoshli farzand 72 yillik ayriliqdan keyin qayta topishdi

Bengaliyalik Abdulquddus Munsiy 82 yoshida 100 yoshli onasi bilan qayta topishishga muvaffaq bo‘ldi. Ona va bola 72 yillik ayriliqdan keyin yana birga bo‘lish baxtiga muyassar bo‘lishdi. 

Daily Mail nashrining xabar berishicha, Munsiyni 10 yoshida muayyan muddatga amakisinikiga yashab turishga jo‘natishgan. Biroq Munsiyning amakisi tez orada jiyani bilan aloqani yo‘qotgan. Shundan keyin u yangi oilada tarbiyalana boshlagan va onasi bilan barcha aloqa uzilgan.      

72 yil o‘tib erkak onasini izlashda yordam so‘rab mahalliy tadbirkorga murojaat qilgan. Tadbirkor Munsiy onasini izlayotgani haqidagi videoni ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirgan. Videoni Munsiyning uzoq qarindoshi ko‘rib, u bilan bog‘langan va onasi hamon hayotligini, qishloqqa qanday kelishi mumkinligini aytgan.

Shundan keyin Quddus onasi bilan ko‘rishish uchun 350 km yo‘l bosib o‘tgan va oxir-oqibat uning orzusi ushalgan. U onasini qo‘lidagi chandig‘idan tanigan.

“Onam ancha keksa yoshda va shu sababli yaxshi gapira olmaydi. U meni qo‘limdan ushlab, tinmay yig‘ladi. Men esa unga o‘g‘li endi yonida ekanini va xavotirlanishiga boshqa sabab yo‘qligini aytdim”, deb so‘zlagan qariya.

Top