19:21 / 29.09.2021
21127
Haydovchilik guvohnomasini almashtirish muddatini uzaytirish taklif etilmoqda

Amaldagi tartibga ko‘ra, eski haydovchilik guvohnomasi 2021 yilning 31 dekabrigacha yangisiga almashtirilishi kerak.

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga eski haydovchilik guvohnomalarini yangisiga almashtirish muddatini toifalashtirilgan tarzda uzaytirishni nazarda tutuvchi hukumat qarori loyihasi joylashtirildi. Hujjat Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi tashabbusi bilan ishlab chiqilgan.

Vazirlar Mahkamasi qaroriga ko‘ra, yangi namunadagi milliy haydovchilik guvohnomasini almashtirish muddati 2021 yil 31 dekabr kuniga qadar belgilangan. Qarorga ko‘ra, eski namunadagi milliy haydovchilik guvohnomalari hamda avtomototransport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomalar 2022 yil 1 yanvardan boshlab haqiqiy emas deb hisoblanishi belgilangan.

Muddat tobora kam qolayotgani ortidan so‘nggi kunlarda davlat xizmatlari markazlarida haydovchilik guvohnomasini almashtirish uchun tashrif buyuruvchi fuqarolar oqimi oshgan, bu esa uzun navbatlar hosil bo‘lishiga sabab bo‘layotgan edi. 

Davlat xizmatlari agentligining ma'lum qilishicha, bugungi kunda 5 793 000 nafar haydovchilarning 3,6 million nafari haydovchilik guvohnomasini almashtirgan. 2 milliondan ortiq haydovchi esa hali bunga ulgurgani yo‘q. Ammo eski namunadagi milliy haydovchilik guvohnomalarining barchasini joriy yakuniga qadar almashtirishning jismonan va texnik jihatdan imkoni yo‘q. Chunki hisob-kitoblarga ko‘ra, ayni paytda bir oyda 200 ming donagacha haydovchilik guvohnomalarini almashtirish mumkin.

Taklif etilayotgan qaror loyihasiga ko‘ra, haydovchilik guvohnomasini almashtirish muddatini uch oydan bir yilgacha uzaytirish nazarda tutilmoqda.

Bu orqali aholida almashtirilmasdan qolayotgan eski namunadagi milliy haydovchilik guvohnomalarini yangisiga almashtirish hajmini yil davomida bir maromda taqsimlash, ularning yil yakunida almashtirish joylarida to‘planib qolishlarining oldini olish maqsad qilingan.

Ta'kidlanishicha, mazkur qaror loyihasining qabul qilinishi davlat budjetidan qo‘shimcha mablag‘lar ajratilishini talab etmaydi.

Top