11:12 / 29.09.2021
13468
Men ham qishloq farzandiman, oddiy uylarni, chang ko‘chalarni umuman unutmayman – Shavkat Mirziyoyev

Bugun, 29 sentabr kuni O‘zLiDePdan prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatida saylovchilar bilan uchrashuvda ishtirok etmoqda. Vodiy viloyatlaridagi an'ana Andijonda ham davom etdi – nomzod “Mirziyoyev-Mirziyoyev” degan hayqiriqlar ostida tadbir o‘tkazilayotgan joyga kirib keldi. 

Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar institutida bo‘lib o‘tayotgan tadbirni ochib bergan viloyat “Nuroniylar” jamg‘armasi raisi O‘ktam Oxunov Shavkat Mirziyoyev prezidentlikka nomzod sifatida ilgari surilganini eslatib o‘tdi. “Shu kunlarga kelib Bobur, Cho‘lpon bobolarimizning orzulari ushalyapti”, dedi moderator va nomzodga so‘z berdi.

“Andijonning har bir tumani o‘z tarixiga ega. Mana shu tarixiy binolarda ham kolxoz-sovxozlarni tugatib, fermerlik harakatini boshlaganmiz. 5 yilda nimalarga erishdik, degan savol hammamizni o‘ylantiradi. Men ham insonman, prezidentlik bir lavozim, maqsadim xalqimga, O‘zbekiston, Andijon xalqiga xizmat qilish. 

Men ham qishloq farzandiman, oddiy uylarni, chang ko‘chalarni umuman unutmayman. Umrimning 45 yili Toshkentda o‘tdi. Men yoshlarga qarata aytmoqchiman – hayot kurashlardan iborat. Agar adolatli hakam bo‘lsa, biz 5 yilda nimalarga erishdik degan savol qo‘yilsa, erkin, qo‘rquvsiz yashashga deb javob beriladi”, – dedi Shavkat Mirziyoyev rasmiy nutqi oldidan.

Mavzu
Saylov-2021
Saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra saylovlar oktyabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkazilishi belgilandi. 2021 yilgi prezidentlik saylovi 24 oktyabrga to‘g‘ri kelmoqda.
Barchasi
Top