22:25 / 29.09.2021
6313
NKMKning 10–15 foiz ulushini IPO orqali sotish rejalashtirilmoqda

O‘zbekistondagi eng yirik korxonalardan biri, mamlakatning eng katta soliq to‘lovchisi – Navoiy kon-metallurgiya kombinatining 10-15 foiz ulushi yaqin yillarda IPO orqali xususiy sektorga sotilishi mumkin. Bu haqda bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov ma'lum qildi.

Foto: Navoiy kon-metallurgiya kombinati

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov Toshkentda o‘tkazilayotgan O‘zbekiston iqtisodiy forumida xususiylashtirish jarayonlariga to‘xtalib o‘tdi.

«2017-2020 yillar davomida O‘zbekistonda xususiylashtirish jarayonlari uchun sharoit yaratildi. Dastlabki davrlarda xususiylashtirishni kichik ko‘chmas mulk obektlarini sotishdan boshladik. Odamlarda bu jarayonga nisbatan ishonch hosil bo‘lishi uchun ushbu holat juda muhim edi. Bugungi kunga kelib 250 mln dollarlik mulklar ham xususiylashtirila boshlandi. Bu jarayondan ikkita maqsad ko‘zlangan: foyda olish va yuqori samaradorlikka erishish. Ikkinchisi biz uchun juda muhim, aslida.

Navoiy kon-metallurgiya kombinatida (NKMK) ham IPO o‘tkaziladi va bir qismi xususiylashtiriladi. Kombinatda uran va oltin qazib olingani bois xususiylashtirish to‘liq shaklda amalga oshirilmaydi. Kombinatning 10-15 foiz ulushi IPO’da sotiladi.

Bir narsani aytishim kerak, biz xususiylashtirishga emas, xususiylashtirish jarayoniga tayyorlashga shoshilyapmiz. Tezkorlik bilan xususiylashtirish yaxshi samara bermaydi, narxlari ham arzon sotiladi.

Xususiylashtirish jarayonlarini 3 bosqichda amalga oshirishni reja qilyapmiz: dastlab korxona yoki bank xalqaro moliya hujjatlariga o‘tadi, keyin investitsiya reytingi oshadi va yevrobondlar chiqarishi kerak. Shundan so‘ng xususiylashtiriladi. Masalan, GM’ni oladigan bo‘lsak, 300 mln dollar miqdorida yevroobligatsiyalarini joylashtirdi. Kompaniyaning yangi tarixi 2019 yildan boshlandi, ungacha muammolari ko‘p edi, soliq ham to‘lamagan. Avval transformatsiya jarayonlarini bajaramiz, so‘ng kompaniyani IPO’ga chiqarishimiz mumkin.

Davlat banklariga to‘xtaladigan bo‘lsak, 10 tadan 7 tasida investitsiya reytingi bor va ularning aksariyati yevrobondlar chiqarishdi. Xususiylashtirish bosqichma-bosqich amalga oshiriladi», – deya ta'kidladi Qo‘chqorov.

Top