11:30 / 29.09.2021
12295
Shavkat Mirziyoyev Turkistonda xorijdan birinchi avtomashina xarid qilgan Mirkomil Mirmo‘minboyevni yodga oldi

Prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyevning Andijon viloyati saylovchilari bilan uchrashuvi boshlandi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

“Andijon to‘g‘risida ko‘p gapirish mumkin, lekin eng lo‘nda gap shuki, O‘zbekistonning 1 foiz yerida 10 foiz aholisi yashaydi. Mana shu jiddiy muammoni hal qilish, viloyat xalqiga munosib sharoit yaratish uchun sizlar bilan maslahatlashib, 4 ming gektar maydonda, 130 mingdan ziyod oila yoki 450 ming aholi uchun mo‘ljallangan “Yangi Andijon” shahrini bunyod etayotganimizdan barchangiz xabardorsiz.

Andijonda yashashning o‘zi odamdan doimiy harakatni, yangilikka intilishni, tadbirkorlikni talab qiladi. Xalqimizning “Izlagan imkon topadi” degan dono hikmati ham nazarimda xuddi sizlar haqingizda aytilganday. 

Men Andijon elidagi azm-u shijoat, omilkorlik va mirishkorlikni, taraqqiyotga, yangilikka intilishni ko‘rganimda, beixtiyor, o‘tgan asr boshida Andijonda yashab o‘tgan Mirkomil Mirmo‘minboyevning nomi esimga tushadi. O‘z zamonasining mashhur tadbirkori bo‘lgan bu inson ulkan sarmoya egasi bo‘lgani, paxtachilik, dehqonchilik, savdo-sotiq sohalarida katta yutuqlarga erishgani, yirik zavod va fabrikalar, banklar, Rossiya va Yevropa mamlakatlarida magazinlar ochganini andijonlik yoshi ulug‘ oqsoqollar yaxshi bilishadi.

Mirkomilboy xayr-saxovat borasida ham boshqalarga o‘rnak bo‘lgan. O‘z hisobidan maktab va madrasalar, masjid, shifoxona, hammomlar qurish, bog‘ va xiyobonlar tashkil etishga xayriyalar ajratgan. Muhtojlarga yordam qo‘lini cho‘zgan. Turkistonda xorijdan avtomashina xarid qilgan birinchi mahalliy xalq vakili ham shu kishi bo‘lgan. Bu inson hatto Andijon shahrini qayta qurish, bu yerda tramvay harakatini yo‘lga qo‘yishga harakat qilgani tarixiy manbalardan yaxshi ma'lum.

Afsuski, mana shunday tadbirkor va saxovatli inson mudhish davrning qurboni bo‘lgan. Uning bor mulki, davlati va sarmoyasi bolsheviklar tomonidan tortib olingan. Nihoyatda uddaburon, keng fikrlaydigan, ishning ko‘zini biladigan bu insonning qayg‘uli qismati istiqlolimizni qadrlashga, bugungi kunda mamlakatimizda tadbirkorlarga yaratib berilayotgan imkoniyatlardan yanada samarali foydalanishga da'vat etadi”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Top