18:27 / 30.09.2021
7150
Coca Cola Uzbekistan’ni xususiylashtirish rasman yakunlandi

Toshkentda o‘tkazilayotgan iqtisodiy forum doirasida O‘zbekiston Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va Coca-Cola İçecek o‘rtasida aksiyalarni sotib olish to‘g‘risida shartnoma imzolangandan so‘ng, Coca-Cola Bottlers Uzbekistan, Ltd’ning 57,118 foiz aksiyalarini sotib olish rasman yakunlandi.

2021 yil 6 avgustdagi e'londan so‘ng, CCI Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan Coca-Cola Bottlers Uzbekistan, Ltd’ni xususiylashtirish bo‘yicha ochiq savdo jarayonida g‘olib sifatida aksiyalarni sotib olish to‘g‘risida shartnoma imzoladi. Bitim bojxona ruxsatnomalari, shu jumladan davlat ruxsatnomalarini olish bilan rasman yakunlandi.
 
252,28 million AQSh dollari miqdoridagi sotib olish narxining yakunlanishi va to‘lanishi natijasida CCI CCBU aksiyalarining 57,118 foiziga egalik qildi. CCBU'ning qolgan ulushi bilvosita The Coca-Cola Company’ga tegishli.

CCI va Anadolu Group raisi Tunjay O‘zilxon bitimni imzolash marosimidagi nutqida shunday dedi: «Biz tarixiy va madaniy aloqalari mustahkam bo‘lgan O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi munosabatlarni chuqurlashtiradigan yangi qadam tashlaganimizdan g‘ururdamiz. Anadolu Group Markaziy Osiyoga sarmoya kiritish bo‘yicha uzoq tarixga ega. Biz har doim mintaqa salohiyatiga ishonganmiz va har bir investitsiya qarorimizdan olgan natijalar har doim ishonchimizni isbotlab bergan. Anadolu Group sifatida o‘zbek xalqiga ish o‘rinlari yaratish, mamlakatning erkinlashtirilgan va isloh qilingan iqtisodiyotiga ko‘mak ko‘rsatish uchun sarmoyamizni davom ettirmoqchimiz».

«Bu bitimni xususiylashtirishning birinchi muvaffaqiyatli misollaridan biri deb hisoblash mumkin. CCI’ning O‘zbekiston ichimliklar bozoriga kirishi mamlakatning tez sur'atlar bilan o‘sib borayotgan iqtisodiyotiga bo‘lgan katta qiziqishni yana bir bor tasdiqlaydi va turk sarmoyadorlari tomonidan jiddiy qadam sifatida baholanadi. Ishonchim komilki, CCI tajribasi bilan Coca-Cola Bottlers Uzbekistan sifat, bozor rivojlanishi va mehnat unumdorligining yangi darajasiga ko‘tariladi», dedi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Akmalxon Ortiqov. 

CCI ichimliklar ishlab chiqaruvchi xalqaro kompaniya bo‘lib, Turkiya, Pokiston, Qozog‘iston, Ozarboyjon, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Iordaniya, Iroq, Tojikiston va O‘zbekistonda ishlaydi. CCI Coca-Cola tizimining asosiy yetkazib beruvchilardan biri sifatida The Coca-Cola Company ichimliklarini ishlab chiqaradi, tarqatadi va sotadi.

O‘zbekiston bilan birgalikda CCI’da 10 mingga yaqin kishi ishlaydi va 11 mamlakatda 29 ta zavodi mavjud bo‘lib, 430 million kishiga ichimliklar keng assortimentini taqdim etadi. 

Top