20:32 / 30.09.2021
30294
“Mirziyonomika” kitobi plagiat mahsuli ekani aytildi. Muallif nima deydi?

Sentabr oyi boshida Behruz Hamzayev “Mirziyonomika. Markaziy Osiyo yo‘lbarsining sakrashi” nomli kitob yozgani haqida ma'lum qilgandi. Internet foydalanuvchilari kitob Rossiyada chop etilgan boshqa bir nashrdan aynan ko‘chirilganini ta'kidlashdi. Kun.uz muallif bilan intervyu uyushtirdi.

O‘zi nima gap?

8 sentabr kuni “Ziyo Forum” rivojlanish va ta'lim jamg‘armasi direktori o‘rinbosari Behruz Hamzayev Facebook’dagi sahifasida “Mirziyonomika. Markaziy Osiyo yo‘lbarsining sakrashi” (Mirziyonomics. Leap of Central Asian tiger) nomli yangi kitobi nashrdan chiqqanini e'lon qilgandi. Kitobda O‘zbekistonning 2030 yilgacha amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan raqamli transformatsiya strategiyasi haqida so‘z boradi. O‘zbek va rus tillarida kitob targ‘iboti uchun mirziyonomics.uz nomli sayt ham yaratilgan bo‘lib, “Mirziyonomika”ni ushbu saytdan bepul yuklab olish mumkin.

“Shuni ta'kidlashni istardimki, biz ushbu saytni O‘zbekistonni rivojlantirishga qaratilgan boshqa strategiyalarni nashr etish uchun katta ochiq platforma deb ham qarayapmiz. Ushbu sayt atrofimizdagi dunyoni yaxshiroq va to‘laqonli qiladigan g‘oyalar hosilasi bo‘ladi. Chunki men bu so‘nggi 2-3 yil ichida O‘zbekiston uchun muvaffaqiyatli, ba'zilari esa hozircha unchalik muvaffaqiyatli bo‘lmagan tub o‘zgarishlardan o‘zim uchun kashf etgan asosiy tuyg‘u — bu o‘z mamlakatingiz rivojiga oldingi davrda bo‘lgani kabi nafaqat hokimiyat tepasida bo‘lib, balki xalq orasidan ham hissangizni qo‘shishingiz mumkin”, deya yozgan muallif.

Behruz Hamzayevning qayd etishicha, “Mirziyonomika” strategiyasi AKTni davlat hayotining barcha sohalariga integratsiya qilish orqali tadbirkorlik faoliyati, ijtimoiy soha va davlat boshqaruvini jonlantirish, yaxshilash va soddalashtirish maqsadida 2030 yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston hukumatining ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy faoliyatini raqamlashtirishning asosiy vektori bo‘ladi.

“3 yil davomida pishitilgan strategiya”

Behruz Hamzayev

Ma'lum bo‘lishicha, kitob orqali ilgari surilgan strategiyani yaratish bo‘yicha g‘oya 2018 yilda tug‘ilgan, strategiyani ishlab chiqish ishlari uch yil davom etgan. Muallif elektron kitob tarzida taqdim etilgan strategiyani raqamli O‘zbekistonni rivojlantirishga yangi qarash, befarq bo‘lmagan yoshlar jamoasining taklifi sifatida ifoda etishini ta'kidlaydi.

Hukumat strategiyani amalga oshirishdan manfaatdor bo‘lsa, Behruz Hamzayev hujjatning bu qismini oshkor qilishga va taqdim etishga tayyorligini bayon qilmoqda.

Muallifga ko‘ra, “Mirziyonomika” atamasi tasodifan paydo bo‘lmagan, jahon siyosati tarixida turli mamlakatlar taniqli rahbarlarining islohotlarini bildiruvchi shunga o‘xshash ta'riflar mavjud: “Reyganomika” (AQSh), “Abenomika” (Yaponiya), “Tetcherizm” (Buyuk Britaniya), “Rojyernomika” (Yangi Zelandiya).

“O‘zbekiston haqiqatni, mavjud muammolarni va mumkin bo‘lgan yechimlarni obektiv baholash asosida prezident tomonidan belgilab berilgan katta islohotlar bosqichini boshidan kechirmoqda. “Mirziyonomika”ning asosiy maqsadi – davlat, milliy biznes hamda fuqarolik jamiyatining ishtiroki asosida O‘zbekistonda raqamli iqtisodiyot institutlarini yaratishdan maksimal samaraga erishish uchun muhim choralar va qadamlarni aniqlash”, deydi Hamzayev.

Kitob Rossiya nashridan ko‘chirilganmi?!

Bloger Umid G‘afurov “Mirziyonomika”ning 70 foiz qismi Rossiya nashrlaridan ko‘chirilgani haqida yozdi. U Behruz Hamzayev tomonidan taqdim etilgan kitobga 2017 yilda yozilgan “Razvitiye tsifrovoĭ ekonomiki v Rossii. Programma do 2035 goda” nomli qo‘llanma asos qilib olinganini taxmin qilgan.

“Boshida bu kitobni plagiatga tekshirib ko‘rish niyatim yo‘q edi. Biroq izohlarda internet foydalanuvchilari uning plagiat ekanini aytib, aynan qaysi kitobdan ko‘chirilganini yozganidan keyin buni tekshirib ko‘rmoqchi bo‘ldim. Buni aniqlash qiyin emas, chunki internetda yuzlab antiplagiat platformalari bor. Ularning ichida bepullari ham bor, pullilari ham bor.

Natija ishonchli bo‘lishi uchun pulli platformadan foydalandim. 78 rubl to‘lab, “Mirziyonomika”ning rus tilidagi variantini Rossiya nashri bilan solishtirib ko‘rdim. Natija Behruz Hamzayev 3 yil davomida yozganini aytgan kitob “Razvitiye tsifrovoĭ ekonomiki v Rossii. Programma do 2035 goda” nomli kitobning 30 foizga o‘zgartirilgan varianti ekanini ko‘rsatdi. Ya'ni dastur Rossiya nashrining 70 foiz qismi to‘liq ko‘chirilgan deb topdi.

Oddiy ko‘z bilan solishtirib chiqilganda ham rus nashridagi “Rossiya” so‘zi “O‘zbekiston”ga o‘zgartirilgani, kitob o‘zimizga moslab juz'iy tahrir qilinganini sezish qiyin emas. Facebook orqali Behruz Hamzayevga bu haqda yozib, izoh so‘radim. Biroq u so‘zlarimga hech qanday reaksiya bildirmadi”, dedi Umid G‘afurov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda.

Darhaqiqat, Behruz Hamzayevning Facebook’dagi sahifasida “Mirziyonomika” kitobi jamoatchilikka taqdim etilgan postda muallif dastlabki izohlarga javob berib chiqqani, kitobning plagiat ekani haqidagi taxminlar yozila boshlaganidan so‘ng bu ishni to‘xtatganini ko‘rish mumkin. U internet foydalanuvchilarining keyingi barcha savol va izohlarini ochiq qoldirgan.

“Bu plagiat hisoblanmaydi”

Kitob muallifi Behruz Hamzayev Kun.uz’ga bergan intervyusida “Mirziyonomika”ni yozishda Rossiya nashri va boshqa manbalardan foydalanganini tan oldi, biroq bu plagiat hisoblanmasligini ta'kidladi.

“Innovatsiya vazirligi haqidagi g‘oyalarimizni ilgari surgan paytimizda keyingi pog‘onalarni ham o‘ylaganmiz va aynan raqamli rivojlanish mamlakatimiz taraqqiyotini ta'minlovchi eng muhim islohot bo‘lishini anglab yetgandik. Neft zaxiralariga boy yoki boshqa resurslari ko‘p davlatlarni istisno qilgan holda so‘z yuritsak, ko‘plab davlatlar taraqqiyotining negizida qonun ustuvorligi, jamiyatning rivojlanishi hamda raqamlashtirish yotadi. Shu sababli 2016 yili Innovatsiya vazirligi strategiyalarini yozganimizda shu vazirlik paytida raqamli iqtisodiyot bilan qiziqa boshlaganman.

Turizmni rivojlantirish qo‘mitasida ishlagan paytimda ham raqamli rivojlantirishning qanchalik muhimligini boshimdan o‘tkazdim. Yuqoridagi ikki idorada ishlagan paytlarim davlat apparatining ish tarzi bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘qnashdim va u yerda juda ko‘plab qiyinchiliklar mavjudligini ko‘rdim. Xususiy sektorda ishlagan paytim nimanidir o‘zgartirish kerak bo‘lsa, bozor yoki iste'molchilar shuni istayotgan bo‘lsa, bu o‘zgarishlarni yashin tezligida amalga oshirganimiz uchun davlat organlari faoliyatidagi byurokratiya, rahbarning imzosisiz hech bir hujjat idoradan chiqmasligi, biror idoradan o‘zingizga kerakli ma'lumotlarni olish uchun haftalab va oylab kutilishi meni hayron qoldirgan. Agar ushbu jarayonlar raqamlashtirilganda edi boshliq qayerda bo‘lishidan qat'i nazar istalgan hujjatini imzolashi, vazirliklar bir-birining bazasida mavjud ma'lumotlardan hech qanday xat va yozishmalarsiz foydalanish imkoniga ega bo‘lardi.

“Mirziyonomika” strategiyasi ana shu ko‘rgan-kechirganlarim ta'sirida tug‘ilgan va uni uch yil davomida tayyorladim. Jarayon cho‘zilib ketgani loyiha ustida asosan bir o‘zim ishlaganim tufaylidir. Kitobni yozishdan oldin dunyoning turli mamlakatlarida e'lon qilingan o‘ttizdan ziyod ana shunday strategiyalar bilan tanishib chiqdim. Jumladan, “Rossiya raqamli iqtisodiyot taraqqiyoti: 2035 yilgacha mo‘ljallangan dastur” deb nomlangan strategiyadan ham foydalanganman. Agar boshqa manbalardan foydalanganimni jamoatchilikdan yashirmoqchi bo‘lganimda buni qoyilmaqom qilib bajarardim. Shunchaki kitobning o‘zbekcha matnini qo‘yganimda ham uni plagiatga tekshirishning iloji bo‘lmasdi. Rus tilidagi variantini ham qo‘rqmay joyladimki, demak, buning sababi bor.

Rossiya nashri bilan men yozgan kitobning o‘xshashligi men uchun unchalik muhim emas. Avvalo, u kitobda muallif yo‘q. Qolaversa, uning o‘zi ham dunyodagi boshqa strategiyalarni o‘rganib, ulardagi muhim ma'lumotlar jamlanib tayyorlangan. Agar men Shekspirning “Romeo va Julettasi” qahramonlari ismini o‘zgartirib, ammo syujyetlarini aynan qoldirib kitob yozganimda bu plagiat bo‘lardi. Lekin raqamli iqtisodiyotda plagiatning bo‘lishi mumkin emas. Hamma bir-biridan ko‘chiradi va bu to‘g‘ri amaliyot deb hisoblayman. Nimaga bir-biridan ko‘chirishadi? Misol uchun, velosiped allaqachon kashf etilgan bo‘lsa-yu nima keragi bor uni qaytadan kashf etishning?! Facebook’ni o‘ylab topgan Tsukerbergni ham boshida plagiatda ayblashgan. Shunaqa narsalar borki, ularni boshqalardan aynan olmaslikning iloji yo‘q.

Qolaversa, “Mirziyonomika” kitobi umumiy strategiyaning atigi 20 foizini tashkil etadi. Maxsus yaratilgan saytdagi ma'lumotlarni ham 20 foiz deb olsak, strategiyaning qolgan 60 foiz qismi hali e'lon qilinmagan. Ayrim internet foydalanuvchilari buning oxiriga yetmasdan noto‘g‘ri xulosalarga borishmoqda”, deydi Behruz Hamzayev.

World Influencers Network (Xalqaro inflyuyenserlar tarmog‘i) hamda Uzbek Apparel milliy brendi asoschisi sifatida jamoatchilikka tanilgan, ma'lum muddat Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisining maslahatchisi bo‘lib ishlagan Behruz Hamzayev nomi bungacha ham mojarolar markazida tilga olingandi.

2020 yilda u «Alter Ego» loyihasiga bergan intervyusida 2017 yil 27 noyabrda ochilgan Innovatsiya vazirligi konsepsiyasining g‘oyaviy ilhomlantiruvchisi, muallifi o‘zi ekanini ta'kidlagan va o‘zi ishlab chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Kelajak, innovatorlik va hamkorlik vazirligi loyihasini ko‘rsatib, mazkur loyiha ustida 8 oy ishlaganini aytgandi.

Innovatsiya vazirligi Hamzayevning bu so‘zlarini rad etib chiqqandi. Vazirlik bayonotida Behruz Hamzayevning Innovatsiya vazirligini tashkil etilishi bo‘yicha hujjatlarni tayyorlash uchun 50 ming AQSh dollari sarflagani haqidagi gapi O‘zbekiston Respublikasi davlat organlari faoliyati bilan ozroq bo‘lsa-da tanish bo‘lgan har qanday kishi uchun ham kulgili, ham mantiqsiz iddao ekanini ta'kidlagandi.

Behruz Hamzayev vazirlikning bayonotiga munosabat bildirarkan, videoning tavsifida “U Innovatsion rivojlanish vazirligi tuzilishining tashabbuskori” ekani ko‘rsatilgan qismi Kirill Altmanning xatosi bo‘lgani va bu xato bartaraf etilganini aytgan.

U Kun.uz muxbiriga bergan izohida Innovatsion rivojlanish vazirligi asoschiligiga da'vo qilmasligi, shuningdek, uning g‘oyasi vazirlik faoliyati uchun asos bo‘lganidan xursand ekanini ma'lum qilgan, shu bilan birga, uning loyihasi 2017 yil boshida tayyor bo‘lgani, u vazirlik «broshyura» deb atagan loyiha ustida 8 oy ishlaganini yana bir bor takrorlagandi.

Top