12:32 / 30.09.2021
1932
O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan ZF-UZ-VAC2001 vaksinasining ilk partiyasi tayyor bo‘ldi

30 sentabr kuni ZF-UZ-VAC2001 vaksinasining O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan 1 458 820 dozadan iborat ilk partiyasi foydalanishga topshirildi. Bu haqda Vaksina.uz telegram kanali xabar berdi.

Mazkur vaksinani ishlab chiqarish uchun Xitoyning Anhui Zhifei Longcom Biopharmaceutical Co., Ltd. kompaniyasi tomonidan “Jurabek Laboratories” MChJ qo‘shma korxonasi bilan shartnoma imzolangan edi.

“ZF-UZ-VAC2001 vaksinasining 1 458 820 dozasi O‘zbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati vakillariga topshirildi. Hozirgi kunda qo‘shma korxona tomonidan jami 7 million doza vaksina ishlab chiqarilgan bo‘lib, keyingi dozalari bosqichma-bosqich emlash punktlariga yetkazib beriladi.

COVID-19ga qarshi ZF-UZ-VAS2001 vaksinasi Xitoy Fanlar akademiyasi Mikrobiologiya instituti hamda O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilg‘or texnologiyalar markazi va Sog‘liqni saqlash vazirligi Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti bilan hamkorlikda Zhifei Longcom Biopharmaceutical kompaniyasi tomonidan yaratilgan. Mazkur vaksina 3-faza klinik sinovlari natijalariga ko‘ra 3-dozadan so‘ng vaksinaning samaradorligi barcha shtammlar uchun umumiy 81,76%, “britancha” shtammga qarshi esa 92,93%ni tashkil etdi.

Preparatning ampula shaklini ishlab chiqarish Anhui Zhifei Longcom Biopharmaceutical Co., Ltd. biofarmatsevtika korxonasida ishlab chiqarilgan vaksinaning original substansiyasi asosida amalga oshirildi”, — deyiladi xabarda.

Ma'lumot uchun, O‘zbekistonda 2021 yil fevralda ro‘yxatga olingan “Sputnik V” vaksinasi ham “Jurabek Laboratories” tomonidan ishlab chiqariladi.

Top