12:07 / 01.10.2021
16762
Facebook’da Shavkat Mirziyoyev nomi bilan soxta akkaunt ochib firibgarlik qilgan surxondaryolik shaxsga sud hukmi o‘qildi

Facebook ijtimoiy tarmog‘ida Shavkat Mirziyoyev nomi bilan soxta akkaunt ochib firibgarlik qilgan surxondaryolik shaxsga sud hukmi o‘qilgan. Bu haqda Toshkent viloyati IIB axborot xizmati rahbari Bobur To‘laganov xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, fuqarolardan biri Facebook ijtimoiy tarmog‘ida Shavkat Mirziyoyev nomi bilan soxta akkaunt ochib odamlar bilan muloqot olib borgan. U fuqarolarga o‘zini Prezident administratsiyasi rahbari sifatida tanishtirgan. Mazkur shaxs tarmoq foydalanuvchilariga turli masalalarda, ayniqsa bank kreditlari olish va uy-joy ajratishda yordam berishini aytib, buning uchun 50 ming so‘mdan 1,5 million so‘mgacha pulni plastik kartasi orqali olgan.

2021 yil 5 fevral kuni Toshkent viloyati Chirchiq shahri hududida tezkor-texnik qidiruv tadbiri o‘tkazilib, mazkur shaxs ushlangan. Undan telefon qurilmasi ashyoviy dalil sifatida hujjatlashtirib olingan. Surishtiruvlarda gumonlanuvchining shaxsiga aniqlik kiritilganda U Chirchiq shahar 3-kichik tumanida vaqtincha ro‘yxatdan o‘tib yashab kelgan, 1982 yilda Surxondaryo viloyatida tug‘ilgan M.M. ekani ma'lum bo‘lgan.

Fuqaro M.M.ga nisbatan Chirchiq shahar IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilgan.

Ta'kidlanishicha, mazkur shaxsga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi Jinoyat ishlari bo‘yicha Chirchiq shahar sudi tomonidan ko‘rib chiqilgan. Sud hukmiga ko‘ra gumonlanuvchi firibgarlik jinoyatini sodir etgan deb topilgan. Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi «b» bandi bilan uch yilga ozodlikdan mahrum etish hamda 3 yil internetdan foydalanish huquqini cheklash jazosi berilgan.

Top