18:46 / 01.10.2021
4510
Saakashvilining Batumiga kelgani haqidagi xabarlar ortida u yerga zirhli texnika yuborila boshlandi  

Gruziya ichki ishlar vazirligi Batumiga zirhli texnika va politsiya maxsus kuchlarini yubora boshladi. Bu haqda Odishinews nashri xabar berdi. Ta'kidlanishicha, bu Gruziyaning sobiq prezidenti Mixail Saakashvili Ukrainadan Batumiga kelgani haqidagi xabarlar ortida yuz bermoqda.

Foto: newsgeorgia.ge

Politsiyaning “Kobra” zirhli mashinalari kolonnasi Zugdidi shahridan Ajariya regionining poytaxti bo‘lgan Batumi tomon harakatlanayotgani kuzatilgan

Maxsus kuchlar esa shaharga o‘zlarining shaxsiy mashinalarida yo‘l olishgan.

Avvalroq Gruziyaning sobiq prezidenti, hozirda Ukraina islohotlar milliy kengashi ijroiya qo‘mitasi rahbari lavozimini egallayotgan Mixail Saakashvili Facebook’da 8 yillik immigratsiyadan keyin Gruziyaga kelganini va hozirda Batumida ekanini ma'lum qilgan. Siyosatchi mamlakatda o‘tadigan munitsipal saylovlardan keyin 3 oktyabrda Tbilisida o‘tadigan norozilik namoyishlarida ishtirok etmoqchiligini qo‘shimcha qilgan.

Gruziya ichki ishlar vazirligida Saakashvilining respublikada ekani haqida ma'lumotga ega emasliklari ma'lum qilingan.

Gruziyada Saakashvili bir nechta jinoiy ish bo‘yicha aybdor deb topilgan va ularning ikkitasi bo‘yicha sirtdan jazo hukmiga tortilgan. Respublika rahbariyati siyosatchi Gruziyaga qaytgudek bo‘lsa, uni turma kutayotganini aytgan. 

Avvalroq Saakashvili Gruziyani qutqarish uchun vataniga qaytishini, shu sababli 2 oktyabrga Tbilisiga aviachipta sotib olganini ma'lum qilgandi. 

Top