14:17 / 01.10.2021
11822
Toshkentda YPX xodimi talabiga bo‘ysunmagan haydovchi xodimlardan birini urib yubordi

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentda fuqarolar va yo‘l-patrul xizmati xodimlari o‘rtasida katta janjal sodir bo‘lgani aytilgan video tarqaldi. Poytaxt IIBB mazkur holat yuzasidan rasmiy ma'lumot berdi.

Qayd etilishicha, 30 sentyabr kuni soat taxminan 23:00larda Chilonzor tumani Bunyodkor shohko‘chasida Toshkent shahar IIBB YHXB YPX xodimlari xizmat davomida ko‘plab to‘lanmagan jarimalari tufayli qidiruvda bo‘lgan «Neksiya-2» avtomobilini ko‘rib qolib, unga jyezl va hushtak yordamida to‘xtash haqida ishora bergan. Haydovchi, 1997 yilda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan T.Ch. (shaxsi keyinroq aniqlangan) xodimning qonuniy talabiga bo‘ysunmasdan harakatni davom ettirgan.

Holat haqida ma'lumot ratsiya orqali boshqa xodimlarga yetkazilgan. Shu bilan birga, Toshkent shahar IIBB YHXB YPX 4-bataloni 2-mobil guruhi komandiri, mayor Rustam Ismoilov va YPX inspektori katta serjant Otabek Ismoilovlar «Lasetti» xizmat avtomobilida qoidabuzar ortidan yo‘lga chiqqan. Haydovchi YPX inspektorining to‘xtash haqidagi ishorasiga bo‘ysunmasdan harakatni davom ettirgani sababli uni majburan to‘xtatishga qaror qilingan.

“Bunyodkor va Qatortol ko‘chalari kesishmasida xodimlar sa'y-harakatlari bilan «Neksiya-2» avtomobili majburan to‘xtatilgan. IIO xodimi avtomobilidan chiqishini kutgan T.Ch. yana harakatni boshlab, mayor R.Ismoilovni urib yuborgan va yo‘l harakati qoidalarini buzib, piyoda va boshqa transportlar uchun xavf tug‘dirgan. Tez orada Toshkent shahar IIBB xodimlari qoidabuzar haydovchini to‘xtatdi va boshqa og‘irroq yo‘l-transport hodisasining oldi olindi”, deyiladi ma'lumotda.

Qayd etilishicha, to‘xtatilgan avtomobilning yo‘lovchilari bo‘lgan bir necha ayollar chiqib, YPX inspektorlari bilan janjal ko‘targan.

Haydovchi, 24 yoshli T.Ch. va uning yo‘lovchilari – Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan 21 yoshli Sh.Ch., 39 yoshli R.M., 44 yoshli B.M. va 45 yoshli B.M. Chilonzor tumani IIIO FMBga yetkazilgan.

Mazkur holat bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilmoqda, natijalari bo‘yicha qonuniy chora ko‘riladi, deyiladi xabarda.

Top