17:37 / 01.10.2021
9173

Turkmaniston Afg‘onistonning yangi hukumati bilan ishlashga tayyorligini bildirdi

Gurbanguli Berdimuhamedov Turkmaniston o‘zining ijobiy neytral maqomiga tayangan holda boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmagan holda mutlaqo tinchliksevar tashqi siyosat olib borayotganini ta'kidladi.

Foto: RIA Novosti

Ashxobod Afg‘onistonning yangi hukumati bilan ishlashga va bu mamlakatdagi vaziyatni barqarorlashtirishga yordam berishga tayyor. Bu haqda Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov TASSga bergan intervyusida aytdi.

“Biz Afg‘onistondagi vaziyat rivoji va oxirgi voqealarni diqqat bilan kuzatmoqdamiz. Biz an'anaviy turkman-afg‘on munosabatlarini yanada mustahkamlash uchun Afg‘onistonning yangi hukumati bilan ishlashga, bu mamlakatdagi vaziyatning barqarorlashishi va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga yordam berishga tayyorligimizni ta'kidlamoqchiman”, – dedi u.

Berdimuhamedov shuningdek, Turkmaniston o‘zining ijobiy neytral maqomiga tayangan holda boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmagan holda mutlaqo tinchliksevar tashqi siyosat olib borayotganini ta'kidladi.

“Tolibon” harakati 15 avgust kuni Kobulni egallagan, Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani mamlakatni tark etgandi. Toliblar 6 sentyabr kuni butun mamlakat hududi bo‘ylab nazorat o‘rnatilganini, 7 sentyabrda esa vaqtinchalik hukumat tarkibini e'lon qildi.

Top