15:17 / 02.10.2021
9920
1 oktyabrdan boshlab quruvchilarga o‘zi qurgan uylarga 2 yil xizmat ko‘rsatish majburiyati yuklatilmoqda

2021 yil 1 oktyabrdan boshlab qurilishi tugallangan va foydalanishga qabul qilingan ko‘p kvartirali uy-joyni boshqarish birinchi ikki yilda quruvchi tomonidan amalga oshiriladi.

Prezidentning “Ko‘p kvartirali uy-joylarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, mazkur muddatga ko‘p kvartirali uy-joy ekspluatatsiyasining kafolat muddati joriy qilinadi

Bunda:

  • quruvchi tomonidan mazkur vazifani amalga oshirish uchun shartnomaga asosan boshqaruvchi tashkilot jalb qilinishi mumkin;
  • birinchi ikki yil ichida ko‘p kvartirali uy-joydagi quruvchidan tashqari mulkdorlarning soni ellik foizdan oshgan taqdirda mulkdorlar tomonidan belgilangan tartibda umumiy yig‘ilishning qaroriga muvofiq ko‘p kvartirali uy-joyni boshqarish usuli tanlanadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 28 may kungi videoselektorda O‘zbekiston bo‘ylab yangi qurilgan 3 mingta ko‘p kvartirali uy-joylarga xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilmagani haqida aytib o‘tgandi.

Toshkent viloyatida – 623 ta, Buxoroda – 621 ta, Xorazmda – 249 ta, Surxondaryoda – 195 ta va Namanganda – 170 ta yangi ko‘p qavatli uylarga boshqaruvchilar biriktirilmagan.

«Shuning uchun bir oy muddatda quruvchi tashkilot yangi qurilgan ko‘p qavatli uylarni, boshqaruv kompaniyasi tashkil qilgan holda, ikki yil davomida saqlashni o‘z zimmasiga olishini nazarda tutuvchi tizim yaratilsin. 20 foiz pulini to‘lamaslik kerak, toki 2 yil ishlab bersin. Shuni qonuniy jihatdan qilish lozim», – degandi Shavkat Mirziyoyev.

Mavzuga oid
Top