23:51 / 02.10.2021
27163
Buxoroda 5 nafar hokimga hayfsan berildi, 2 nafar hokim jarimaga tortildi
Foto: iStock

Buxoro viloyati hokimining farmoyishiga binoan, 5ta tuman hokimiga hayfsan intizomiy jazosi berildi, 2ta tuman hokimi esa ish haqining 20 foiz miqdorida jarima to‘laydigan bo‘ldi. Ular fuqarolarning murojaatlari bilan ishlashdagi sustkashligi uchun jazolandi.

Farmoyishda ta'kidlanishicha, viloyat, tuman va shaharlar hokimliklarida O‘zbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonuni talablariga rioya etilmaslik holatlariga yo‘l qo‘yilganligi qayd etilgan.

Jumladan, mas'ul xodimlarning qonunchilik hujjatlari talablaridan yetarli darajada xabardor emasligi, hokimliklarda murojaatlar bilan ishlashda qonunchilik talablariga rioya qilinmasligi va noto‘g‘ri ma'lumotlar taqdim qilish holatlarining mavjudligi, fuqarolar hokimlar qabuliga kira olmay, ularning qabulini tashkil qilib berishni so‘rab davlat rahbariga murojaat qilayotgani, bunday so‘rovlarning ham aksariyat hollarda e'tiborsiz qoldirilayotgani, murojaatlar viloyat hokimligi tomonidan ko‘rib chiqish uchun ustidan shikoyat qilingan mansabdor shaxsga yuborilayotgani, murojaatlar bilan ishlashga va muammolarni hal etishga bunday yondashuv aholining haqli e'tirozlariga sabab bo‘layotgani holatlari kuzatilgan.

Shuningdek, 2021 yilning 17 sentabr kuni viloyat hokimining Buxoro shahrida o‘tkazgan sayyor qabulida tuman va shaharlar hokimlari, sektorlar rahbarlari tomonidan fuqarolar murojaatlariga e'tiborsizlik bilan qarayotganliklari o‘z tasdig‘ini topgan.

Farmoyishga ko‘ra, viloyat hokimi o‘rinbosarlari, tuman va shaharlar hokimlarining fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash borasidagi faoliyati qoniqarsiz deb topilgan.

Fuqarolarning murojaatlari bilan ishlashga e'tiborsizlik bilan qaragani uchun quyidagilarga hayfsan intizomiy jazosi qo‘llangan:

  • Qorovulbozor tumani hokimi A.Ostonov;

  • Vobkent tumani hokimi F.Umarov;

  • Kogon tumani hokimi M.Esanov;

  • Peshku tumani hokimi V.Qahhorov;

  • Buxoro tumani hokimi X.Jo‘rayev.

Bundan tashqari, Jondor tumani hokimi S.Hikmatov va Shofirkon tumani hokimi Sh.Hakimovga oylik ish haqining 20 foizi miqdorida jarima qo‘llanilgan.

Buxoro shahri hokimi J.Nosirov esa qattiq ogohlantirilgan.

Top