15:30 / 02.10.2021
5862

“O‘zbekneftgaz” AJning 2020 yil uchun tuzilgan moliyaviy hisobotiga “Ernst & Young” kompaniyasi tomonidan ijobiy auditorlik xulosa berildi

Jahondagi yirik to‘rtta auditor-konsalting kompaniyalaridan biri hisoblangan, “Ernst & Young” kompaniyasi tomonidan “O‘zbekneftgaz” AJning 2016-2017 yillardagi hisoboti uchun 2020 yil 5 iyunda, 2018 yil hisoboti uchun 2020 yilning 24 noyabrida va 2019 yil hisoboti uchun 2021 yilning 31 yanvarida ijobiy auditorlik xulosalari berilgan bo‘lib, ushbu xulosalar Jamiyatning rasmiy veb-saytida e’lon qilingan.

Transformatsiya qilish, xalqaro kredit reytingini olish, yevroobligatsiyalar chiqarilishi hamda moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari (MHXS) bo‘yicha hisobotlar bo‘yicha 2016-2019 yillar uchun barcha konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobotlar xalqaro reyting agentliklariga ham taqdim etildi.

Albatta mustaqil xalqaro kredit reytingini olish va yevroobligatsiyalar chiqarilishi uchun muhim omillardan biri bo‘lib, bu “O‘zbekneftgaz” AJning oxirgi hisobot davri, ya’ni 2020 yil uchun MHXS asosida tuzilgan konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobotidir.

Ijobiy xulosa olish maqsadida, “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi Mehriddin Abdullayevning 2021 yil 10 fevraldagi 77-sonli buyrug‘i qabul qilingan bo‘lib, mazkur buyruq asosida “O‘zbekneftgaz” AJ ommaviy mas’uliyatga ega kompaniya (kompaniya s publichnoy otvetstvennostyu) maqomida e’tirof etildi hamda joriy yilning may oyida MHXS asosida 2020 yil uchun tayyorlangan konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobotining audit jarayonlari sentabr oyida muvaffaqiyatli yakunlandi.

Quvonarlisi, aynan “O‘zbekneftgaz” AJ o‘z tarixida birinchi marta “Fitch Ratings” kompaniyasining “barqaror” prognozi bilan “BB-” darajasidagi reytingiga ega bo‘lgan kunda, ya’ni 30 sentabrda “Ernst & Young” xalqaro auditorlik kompaniyasi tomonidan ham ijobiy auditorlik xulosasi berildi.

Mazkur auditorlik xulosasini olish va konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobot ko‘rsatkichlarining shaffofligini ta’minlashda bir qator ekspert hisobotlari ham talab etildi. Jumladan, jamiyatning 2020 yil 31 dekabr holatida yerosti uglevodorodlar zaxirasi jahonda mashhur “DeGoleyer & MacNaughton” konsalting kompaniyasi, tizim bo‘yicha asosiy vositalar va tugallanmagan qurilish obektlarining haqqoniy qiymati qadrsizlanishi

(iqtisodiy eskirishi) hamda “O‘ztransgaz”AJning aksiyadorlik kapitalidagi ulushning haqqoniy qiymati “KPMG Tax & Advisory” baholovchi kompaniyasi hamda xodimlar oldidagi ijtimoiy majburiyatlarning aktur hisob-kitobi “Actuary Service” kompaniyasi tomonidan baholab berildi.

“O‘zbekneftgaz” AJning 2020 yil uchun MHXS asosida konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisoboti bo‘yicha olingan mazkur auditorlik xulosasi asosida “O‘zbekneftgaz” AJ xalqaro reyting agentliklari, moliyaviy va yuridik konsultantlar bilan hamkorlikda korporativ kredit reytingini olish, xalqaro fond birjalarida o‘z yevroobligatsiyalarini emissiya qilish, xalqaro standartlar asosida korporativ boshqaruvni tatbiq etish va boshqa progressiv tizimlarni joriy etishda muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati Ⓣ

Mavzuga oid
Top