20:46 / 02.10.2021
16340
Surxondaryoda avtomobillarga gaz to‘ldirish shoxobchasida Lacetti-2 mashinasining gaz balloni portlab ketdi

Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumanida joylashgan avtomobillarga siqilgan gaz to‘ldirish shoxobchasida Lacetti-2 mashinasining gaz balloni portlab ketgan. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, 2 oktyabr kuni soat 15:30 larda Jarqo‘rg‘on tumanida joylashgan «Jarqo‘rg‘on Sarbon-Broker» MChJga qarashli avtomobillarga siqilgan gaz to‘ldirish shoxobchasida gaz to‘ldirish jarayonida Lacetti-2 mashinasi gaz balloni portlab ketgan.

Qayd etilishicha, mazkur hodisada hech kim tan jarohati olmagan. Yong‘in sodir bo‘lmagan. Voqea joyiga FVB, IIB, prokuratura va boshqa tegishli idoralarning mutaxasisslari chiqib, hodisa sabablarini o‘rganishgan.

Dastlabki surishtiruvlarga ko‘ra, gaz ballonining portlashiga Lacetti-2 mashinasiga o‘zboshimchalik bilan o‘rnatilgan sifatsiz (ECeK 110 Sh 72 kilogramm, skotchli) gaz ballonining yuqori bosim ostida texnik deformatsiyasi sabab bo‘lgan.

Top