18:47 / 02.10.2021
1884
Urgut tumanida maktab ta'miri uchun o‘qituvchilardan 300 ming so‘mdan pul yig‘ilgani aytilmoqda
Illyustrativ foto

Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyati Urgut tumanida joylashgan maktablardan birining ta'miri uchun o‘qituvchilardan 300 ming so‘mdan pul yig‘ilgani aytilgan xabar tarqaldi. Viloyat Xalq ta'limi boshqarmasi xabar yuzasidan munosabat bildirdi.

Munosabatda yozilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda Urgut tumanidagi 54-maktabda direktor o‘qituvchilardan maktab ta'miri uchun 300 ming so‘mdan pul talab qilayotgani aytilgan video tarqalgan.

«Ushbu holat ishchi guruh tuzilgan holda o‘rganilmoqda. Tez orada qonuniy xulosalar berilishini ma'lum qilamiz», – deyiladi munosabatda.

Eslatib o‘tamiz, so‘nggi vaqtlarda O‘zbekistondagi ayrim maktablarda direktorlar tomonidan o‘qituvchilarni o‘ziga tegishli bo‘lmagan ishlarga jalb qilib majburiy mehnatga yo‘l qo‘yish holatlari tez-tez uchramoqda. Shuningdek, yozgi ta'til davomida maktab ta'miri uchun yoki maktablarga keladigan tekshiruvchilarni bahona qilib o‘qituvchilardan pul yig‘ib olish holatlari ham qayd etilmoqda.

 

Top