14:10 / 04.10.2021
10207
Chilonzorda ko‘p qavatli uydagi gaz portlashi bo‘yicha qo‘shimcha tafsilotlar berildi

Toshkent shahrining Chilonzor tumanidagi yangi ko‘p qavatli uydagi gaz portlashi kvartiralardan birining egasi gaz tizimiga o‘zboshimchalik bilan ulangani oqibatida ro‘y bergan. «Hududgazta'minot» ma'lumotiga ko‘ra, ushbu ko‘p qavatli uy hali foydalanishga topshirilmagan bo‘lgan.

Foto: Kun.uz

«Hududgazta'minot» matbuot xizmati Chilonzor tumanidagi 7 qavatli «novostroyka»da 4 oktyabrga o‘tar kechasi ro‘y bergan gaz portlashi yuzasidan ma'lumot berdi.

FVV ma'lumotlariga ko‘ra, hodisa oqibatida hech kim jabrlanmagan, faqat bir necha kvartira shikastlangan.

Foto: «Hududgazta'minot»

«Hududgazta'minot» bu uy qurilishi hali yakunlanmagan bo‘lgani va foydalanishga topshirilmagani haqida ma'lum qilgan. Shu sababli tashkilot gaz tizimiga ulanishga ruxsat bermagan.

«Uy qurilishi hali tugallanmaganligi va yangi bino foydalanishga topshirilmaganligi sababli, gaz ta'minoti tashkilotlari tomonidan gazni ulashga ruxsat berilmagan. Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, xonadon egasi uyni gazlashtirish bo‘yicha payvandlash ishlarini olib borish uchun payvandchini jalb qilgan va gaz ta'minoti tizimiga o‘zboshimchalik bilan ulangan», deyiladi ma'lumotda.

Foto: «Hududgazta'minot»

Toshkent shahar IIBB mazkur holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 257-moddasi 2-qismi «b» bandi («Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish») bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

3 oktabr kuni 22:13larda Toshkent shahar FVV Yong‘in xavfsizligi boshqarmasining favqulodda xizmati Chilonzor tumani «Bog‘izor» MFYda joylashgan ko‘p qavatli uyga yong‘in haqidagi chaqiruv bo‘yicha yetib kelishgan.

Aniqlanishicha, Chilonzor tumani, 7-mavze, 59-uyning 2-kirish yo‘lagi, 2-qavati, 36-xonadon oshxonasida o‘rnatilgan gaz qurilmalaridan maishiy gaz sizib chiqib to‘planishi va gaz-havo aralashmasining chaqnashi oqibatida portlash sodir bo‘lgan.

Jabrlanganlar yo‘q. Voqea yuz bergan kuni shikastlangan uylarda yashagan 17 kishi vaqtinchalik mehmonxonaga joylashtirilgan.

Top