12:49 / 04.10.2021
2378

Nukusdagi 1,5 mlrd so‘mlik chala ko‘prik holati bo‘yicha rasmiy ma'lumot berildi

Bundan bir necha kun oldin Nukusdagi qimirlab turadigan 1,5 mlrd so‘mlik piyodalar ko‘prigida ishlar to‘liq yakuniga yetkazilmagani haqida xabar bergandik.

Unda ko‘prik foydalanishga topshirilganiga 5 oy bo‘lsa-da, ishlar to‘liq yakuniga yetkazilmagani, ko‘prikning ustki qismi yopilmagani haqida aytilgandi. Ko‘prikdan o‘tuvchilar uning qimirlab turishidan shikoyat qilishgandi.

Holat yuzasidan «Qo‘ng‘irot temir yo‘llari» unitar korxonasi rasmiy ma'lumot berdi.

Unda aytilishicha, piyodalar ko‘prigi «Bastransjoybar» AJ loyihasi asosida qurilgan. Qurilishni «Qo‘ng‘irot temir yo‘llari» UK buyurtmasiga ko‘ra «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ tarkibidagi «Ko‘prik qurilish» UK bajargan.

Hozirda elektr simlari bilan bog‘liq muammo hal qilingan. Yaqin kunlar ichida ko‘prikning tom qismi ham o‘rnatilishi ma'lum qilingan.

Ma'lumot uchun, Kun.uz ko‘prikdagi kamchiliklarga ikkinchi marta to‘xtalib o‘tdi. Undan Nukusdagi 22-, 27-, 34-, 41-maktab o‘quvchilari va 22-, 23-kichik tuman, «Qo‘sko‘l-3» MFY ahli o‘tib qaytishadi. Qurilishga jami 1 mlrd 500 ming so‘m mablag‘ ajratilgan. Piyodalar ko‘prigi 3 oy ichida foydalanishga topshirilgan.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Beruniyda ikki yildan beri ilma-teshikligicha qolayotgan abgor ko‘prik holatiga izoh berilgandi.

Mavzuga oid
Top